Jamiyat | 14:34 / 04.03.2017
8325
2 daqiqa o‘qiladi

Mushuk va uning egasi 9 yillik ayriliqdan keyin yana topishishdi

Shvetsiyaning Shellefteo shahrida yashagan Jyek Norxeym 2008 yilda yo‘qotgan sevimli mushugini 9 yil o‘tib topdi.

Ernst laqabli mushuk Norxeym o‘smir bo‘lgan paytda sayrdan qaytib kelmagan. Yigit shu yillar davomida mushugini baxtsiz hodisa oqibatida nobud bo‘lgan deb o‘ylab yurgan, deb xabar bermoqda SVT.

Jyek bu orada ulg‘ayib, Norvegiyaga ko‘chib o‘tgan va oila qurgan. O‘tgan yili u yana ona shahriga qaytib kelgan. Bir hafta oldin esa unga mahalliy priyutdan qo‘ng‘iroq qilib, u agar istasa mushugini olib ketishi mumkinligini aytishgan. 

Bu xabardan esankirab qolgan Jyek priyutga chipi bor boshpanasiz mushuk tushib qolgani va chipda uning eski egasi haqida ma'lumot bo‘lganini aniqlagan. Ma'lum bo‘lishicha, shu paytgacha mushuk Shellefteodan uncha uzoq bo‘lmagan qishloqda keksa juftlikning uyida yashagan. Juftlik vafot etgandan keyin esa mushuk hayvonlarni muhofaza qilish xizmatiga topshirilgan. 

Jyek dastlab mushugi topilganiga ishonmagan, biroq priyutga kelgach haqiqatan ham uning qarshisida uning o‘smirligida yo‘qotgan sevimli mushugi turganiga ishonch hosil qilgan. Yigitning aytishicha, mushuk 9 yil avval qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgan.

Endi Ernst o‘zining qadrdon egasi bilan yashamoqda. U avvalgidek karton qutilar bilan o‘ynashni yaxshi ko‘radi, biroq endi buni Jyekning ikki yoshli o‘g‘ilchasi bilan birgalikda qilmoqda.

Mavzuga oid