Jamiyat | 19:25 / 04.03.2017
10007
5 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda qo‘shnisining uyiga o‘g‘irlikka tushgan shaxs ushlandi

Kechagi ulfatchilikdan boshi og‘rib, o‘rnidan turishga erinib yotgan Shomurod (ismlar o‘zgartirildi) hovlida sobiq xotinining ovozini eshitib hushyor tortdi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Ayol u yotgan so‘riga yaqinlashib, baqira ketdi: 

– Nega aliment pulini to‘lamayapsiz? Sudga arz qilaman! 

– Baqirma! Ish topsam, olarsan pulingni, – dedi Shomurod aftini burishtirib.

– Beradigan pulingiz menga emas, bolalarga kerak. Ishlamay uyda yotguncha pul topib, alimentni to‘lab qo‘ying! – bo‘sh kelmadi Xurshida. 

«Ha, bu xotin meni qamatishdan ham toymaydi». Shomurod shunday degancha g‘udrana-g‘udrana o‘rnidan turdi-da, yuz-qo‘lini yuvishga tutindi. 

Mana, necha oydirki, aliment to‘lashga puli yo‘q. Shu sabab u muqim bir ishning boshini tutmaganidan yuragi siqilar, maqsadsiz ko‘cha-ko‘yda sang‘ib, tanishlari bilan huda-behuda kun o‘tkazardi.

Shomurod bugun nima qilsam ekan, deya boshi qotdi. Shu payt Shirin shahrida tanishlaridan biri to‘y qilayotgani yodiga tushdi. Xuddi katta boylik topib olgan kishiday quvonib ketdi. 

Kech bo‘lishini kutishga sabri chidamagan Shomurod shoshilinch to‘yxonaga otlandi. Qo‘shnisi Asliddin ham borgan ekan, to‘y yakuniga yetayotgan paytda u notanish bir kishi bilan tortishib qoldi. Shomurod ularni ajratib qo‘ydi. Keyin ikkala qo‘shni to‘yxonadan chiqib, choyxonaga bordi va ziyofatni davom ettirishdi.

Shomurod qo‘shnisiga dardini to‘kib-sochdi. 

– Asliddin, ming yillik hamsoyamsan, ichimdagini senga aytmasam, kimga aytaman?! Xotin o‘lgurdan ajrashganim yetmaganday, har oy aliment so‘rab bezor qiladi. Mundoq sharoitimni tushungisi ham kelmaydi. Agar bor bo‘lib bermayotgan bo‘lsam, boshqa gap, yo‘q bo‘lsa nima qilay, og‘ayni?

 – Erkakmisan, axir, ishla, pul top! Kim seni qo‘lingdan ushlab turibdi? Texnikaga tushunasan-ku, biron ustaxonadan ish so‘rab ko‘r.

– Sendan maslahat so‘rayotganim yo‘q! Aql o‘rgatma! Do‘st bo‘lsang, qarzga pul ber demoqchi edim, – dedi jahl bilan kayfi oshib qolgan Shomurod va uning gaplaridan o‘zini kamsitilgandek sanab, choyxonadan chiqib ketdi. 

Shomurod uyiga yaqinlashgani sari qo‘shnisining gaplari yuragiga nashtardek botardi. U Asliddindan alamini olish niyatida qo‘shni hovli oldida to‘xtadi. Darvozani taqillatdi. Hech kim javob bermagach, uyda qo‘shnilari yo‘qligini tushundi.

«Ayni vaqti, – deb pichirladi o‘ziga o‘zi Shomurod. – Meni erkakmisan, dedingmi? Qarab tur, kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman senga». 

Shomurod sekin devor oshdi. Bu uyda bir necha marta mehmon bo‘lgan. Qayerda, nima borligini yaxshi biladi. Ammo uyning kirish eshigi qulflangan ekan. Qulfni buza olmagach, eshik yonidagi oynani tirsagi bilan urib sindirdi. Qo‘lidan oqayotgan qonga, og‘riqqa ham e'tibor bermay ichkariga kirdi. Bitta noutbuk, bitta planshetni oldi. Keyin pul izlashga tushdi. Qarasa, divanning tagida kichik hajmli seyf turibdi. Bundan sevingan Shomurod seyfni ham o‘zi bilan olib chiqib ketdi. Xilvatroq joyga borib, seyfni buzdi. 3 million 500 ming so‘m, 1 ming 500 AQSh dollari, turli tilla taqinchoqlar, bir dona uyali telefon va boshqa har xil buyumlarni oldi, uy egalariga tegishli hujjatlarni esa seyfga solib, shu yerga berkitib qo‘ydi.

O‘zganing mulki birovga buyurmaydi. Qing‘ir ishning qiyig‘i, albatta, chiqadi. Shomurodning kayfu safosi uzoqqa cho‘zilmadi. Asliddin tergov vaqtida oxirgi marta qo‘shnisi Shomurod bilan o‘tirganini, janjallashib qolishganini aytgach, ichki ishlar organlari xodimlari zudlik bilan ishga kirishishdi. O‘g‘ri tezda qo‘lga olindi. Asliddinning uyida qoldirilgan barmoq izlari hamda qon tahlillari, qolaversa, turli ashyoviy dalillar Shomurodning jinoiy qilmishini to‘la-to‘kis isbotladi.

Mavzuga oid