Jamiyat | 00:51 / 04.03.2017
20243
2 daqiqa o‘qiladi

Tunisdagi hayvonot bog‘idagi timsoh berahm odamlar qurboni bo‘ldi

Foto: Flickr/ William Warby

Tunis poytaxti hayvonot bog‘i u yerda tashrif buyuruvchilar tomonidan timsoh toshbo‘ron qilingandan keyin vaqtinchalik yopiladigan bo‘ldi, deb xabar bermoqda mahalliy hokimiyatga iqtibos keltirgan holda "Frans Press" axborot agentligi. 

Ma'lum qilinishicha, Tunisdagi Belvedere hayvonot bog‘i 6 mart, dushanbadan "tozalash va ta'mirlash ishlari" sababli yopiladi.

Avvalroq hayvonot bog‘i ma'muriyati qonga belangan timsohning suratlarini chop etib, timsoh tashrif buyuruvchilar tomonidan toshbo‘ron qilinganidan keyin ichki qon ketishi sababli nobud bo‘lganini ma'lum qilgan. Facebook’da chop etilgan, jonsiz timsohning boshi va qonga belangan trotuar suratlari katta shov-shuv keltirib chiqargan.

Tunis atrof-muhit vaziri hayvonot bog‘i nazoratini kuchaytirish uchun qo‘riqchilarni ko‘paytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish politsiya xizmatining uch agentini jalb qilishga qaror qilgan. Hozircha bu choralar poytaxt Tunisdagi hayvonot bog‘iga taalluqlidir, biroq apreldan hukumat bu politsiya bo‘limining barcha kuchlarini  butun mamlakat bo‘ylab joylashtirmoqchi.

Belvedere hayvonot bog‘i birinchi marta shunday mojaro markazida qolishi emas. Ma'lum qilinishicha, u anchadan beri ta'mirtalab ahvolda. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari mutasaddi shaxslardan u yerdagi oriqlab ketgan sherlarni odamlarning tajovuzlaridan qutqarib, tor qafaslardan chiqarishni talab qilishgan. O‘tgan yili chiqindilar ichida qolgan hayvonot bog‘ining suratlari internetda keskin tanqidga uchragandi.

Mavzuga oid