23:08 / 05.03.2017
4148

Liviya qirg‘oqlarida 120 dan ziyod migrant qutqarib qolindi

Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi Liviya qirg‘oqlarida 122 nafar noqonuniy migrant qutqarildi, yordam yetib kelgunga qadar bir soat ichida 5 kishi izsiz yo‘qolgan. AFP agentligi shu haqida xabar berdi

Unga ko‘ra, shishirilgan qayiqdagi noqonuniy migrantlar Golfo Azzurro gumanitar kemasining radari yordamida aniqlangan. "100 dan ortiq kishi poyonsiz dengiz o‘rtasida noqulay ob-havo sharoitida mislsiz fojia yoqasida edi", - deya izohlaydi yordam ko‘rsatish operatsiyasi rahbari Oskar Kamp o‘zining Twitter'dagi sahifasida. 

Ma'lumotlarda ta'kidlanishicha, qutqaruv kemasi yetib kelishidan bir soat oldin 7 kishi qayiqdan suvga tushib ketgan, ularning faqat ikki nafarigina ortga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Qutqarilgan migrantlarning barchasi Lampeduza oroliga yetkaziladi. 

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga o‘tganlar soni 360 mingdan oshgan, bundan tashqari, 5 mingdan ziyod kishi Yevropa qirg‘oqlariga yetib kelmasidan halok bo‘lgan. Joriy yil boshidan buyon Yevropaga kelayotib halok bo‘lganlar soni 300 kishidan oshgan. 

Mavzuga oid
Top