Jahon | 10:55 / 07.03.2017
5690
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela TIV Peru prezidentini haqoratlab, Braziliyani dunyo uchun sharmandalik deb atadi

Venesuela Tashqi ishlar vaziri Delsi Rodriges Peru prezidenti Pedro Kuchinskini qo‘rqoq va it deb atadi.

Bundan oldinroq Peru prezidenti AQShga tashrifi vaqtida Prinston universitetida nutq so‘zlab, Lotin Amerikasini AQSh uchun muammolar tug‘dirmaydigan "itoatkor it" deb atagandi.

"Janob Kuchinski, siz - qo‘rqoq va Shimoliy Amerika imperializmiga xizmat qiladigan yagona itoatkor itsiz", deya Rodriges xonimning so‘zlarini keltirgan VTV kanali.

Rodrigesning so‘zlari Limada (Peru poytaxti - tahr.) keskin noroziliklarni keltirib chiqargan. Dushanba kuni Peru TIV Karakasdagi elchi Mario Lopesni maslahatlashuv uchun zudlik bilan chaqirib olish haqida qaror chiqargan va mamlakat prezidentining bunday haqoratlanishiga norozilik bildirgan.

Ko‘p o‘tmasdan Delsi Rodriges Braziliyani dunyo sharmandasi deb atagan.

"Bugun biz shuni aytishimiz kerakki, afsuski, Braziliya dunyo uchun sharmandalik. Har kuni uning siyosatchilari Dilma Russeffni ag‘darishganidek yana bir mojaro boshlamoqchi bo‘lishadi", deya Rodrigesning so‘zlarini keltiradi Nacional portali.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Braziliyadagi barcha siyosatchilar buzuqilardir va ularning fosh bo‘lishi davom etadi.

"Agar ularning prezidenti bo‘lmasa, vazirlari yoki kongresmennlari korrupsiya botqog‘iga botgan, bu shunchaki korrupsiya konserti. Bu holat ularni tashvishga solmaydi, chunki, imperialistik kuchlar ularga qizil gilam to‘shab qo‘ygan", degan Rodriges Karakasda o‘tgan Ugo Chaves nomidagi aksilimperialistik sammit vaqtida.

Braziliyada ayni vaqtda siyosiy va iqtisodiy inqiroz kuzatilmoqda. Bunga sabab bir tomondan neft narxlari keskin pasayishi, bir tomondan sobiq prezidentga impichment bo‘yicha mojarolar. O‘tgan yilning mayida Braziliya rahbari Dilma Russeff 180 kun muddatga lavozimidan chetlatilgandi. Vitse-prezident Mishel Temer vaqtinchalik prezident sifatida yangi hukumatni shakllantirdi. Avgust oyida senat Russeffning impichmenti uchun ovoz berdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid