Jahon | 08:55
1110
2 daqiqa o‘qiladi

Venesueladagi ofat: qurbonlar soni ortib bormoqda

Venesuelada iyun oyi oxirida sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 535 nafarga yetdi. Yana 16 mingdan ortiq kishi jarohatlangan bo‘lib, BMT ma’lumotiga ko‘ra, bedarak yo‘qolganlar soni 50 ming nafargacha yetishi mumkin.

Foto: Reuters

Venesuelada 25 iyunga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida qurbonlar soni tobora ortib bormoqda. Mamlakat parlamenti spikeri Xorxe Rodrigesning ma’lum qilishicha, hozirga qadar kamida 3 535 kishi halok bo‘lgan, 16 740 nafar esa turli darajada jarohat olgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari hali ham davom etayotgani sababli qurbonlar soni yana ortishi mumkin. Venesuela hukumati hozircha bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha rasmiy raqamlarni e’lon qilmagan. Biroq BMTning dastlabki baholashiga ko‘ra, bedarak ketganlar soni 50 ming nafargacha yetishi ehtimoli bor.

Mutaxassislar ushbu ofatni «seysmik dublet» deb atamoqda. Chunki 24 iyun kuni mamlakat shimolida, poytaxt Karakasning g‘arbida joylashgan hududda oradan atigi 39 soniya o‘tib, magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila qayd etilgan. Bu Venesuelada so‘nggi 125 yil ichida kuzatilgan eng kuchli yer silkinishlari hisoblanadi.

Asosiy zilzilalardan keyin o‘nlab aftershoklar sodir bo‘lgan. Bu esa yuzlab turar joylar, infratuzilma obektlari va binolarning vayron bo‘lishiga olib kelgan.

Eng katta zarar mamlakatning La-Guayra shtatiga yetgan. Mazkur hududda Venesuelaning asosiy xalqaro aeroporti va eng yirik dengiz porti joylashgan.

Fojia munosabati bilan mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan. Shuningdek, halok bo‘lganlar xotirasiga yetti kunlik milliy motam joriy etilgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida tirik qolganlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid