Venesueladagi 7,5 balli zilziladan olti kun o‘tib, vayronalar ostidan uch yoshli bola sog‘-salomat qutqarildi. 30 iyun kuni Kliber Moranni iordaniyalik qutqaruvchilar La-Guayra shtatidagi vayronalar ostidan olib chiqqan.
Iordaniya fuqaro muhofazasi xizmati kichik Kliberga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgani, u shifoxonaga yetkazilgani va barcha hayotiy ko‘rsatkichlari yaxshi ekanini bildirdi.
A Jordanian search-and-rescue team pulled a toddler alive from debris in Caracas, six days after major earthquakes hit Venezuela https://t.co/4jfuc55cki pic.twitter.com/VQVT9PGom4
— Reuters (@Reuters) June 30, 2026
Bola ayni paytda poytaxt Karakasdagi shifoxonada davolanmoqda.

Zilziladan keyingi uch kunda — vayronalar ostida qolgan odamlarning tirik topilish imkoniyati eng yuqori bo‘ladi. Kliberning oltinchi kuni topilishi esa haqiqiy mo‘jiza bo‘ldi. Prezident Delsi Rodriges hodisani «xalq uchun umid manbai» deb ta’rifladi.
La-Guayra — zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlardan biri bo‘lib, ko‘plab mahalliy aholi qutqaruv ishlarini o‘z kuchlari bilan olib borishga harakat qilmoqda. BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi seshanba kuni hududda oziq-ovqat taqchilligi ommaviy tus olgani, asosiy kommunal xizmatlar mutlaqo to‘xtab qolgani va aloqa vositalari uzilganini ma’lum qildi.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuelada o‘tgan haftada sodir bo‘lgan 7.2 va 7.5 magnitudali zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 1 ming 943 nafarga yetdi.
Jarohatlanganlar esa 10 ming kishidan oshib ketgan, yana o‘n minglab odamlar taqdiri hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.










