09:01 / 08.03.2017
16151

OAV: Kim Chen Namning o‘g‘li videomurojaat bilan chiqdi

Janubiy Koreyaning Janubga qochib ketgan shimoliy koreyalik fuqarolarga yordam taqdim etuvchi tashkiloti saytida o‘zini Kim Chen Namning o‘g‘li deya atagan yosh yigit videosi joylandi. U otasini o‘ldirishganini ma'lum qilgan, deb xabar berdi NHK telekompaniyasi.

"Chxollim fuqarolik mudofaasi" tashkiloti o‘z saytida unga Kim Chen Namning oilasi boshpana taqdim etish haqidagi iltimos bilan murojaat qilganini xabar qildi. KXDR yetakchisi o‘gay akasining rafiqasi, o‘g‘li va qizining aynan qayerda ekaniga oydinlik kiritilmagan. Faqat shunisi ma'lumki, yordam Niderlandiya, AQSh, Xitoy va nomi oshkor etilmagan yana bir davlat tomonidan taqdim etildi.

"Mening ismim Kim Xan Sol, men Shimoliy Koreyadanman. Men Kimlar oilasi a'zosiman. Otam bir necha kun avval o‘ldirildi. Hozirda men onam hamda singlim bilan birgaman. Vaziyat yaxshilanishiga umid qilmoqdaman", - deydi yosh yigit 40 soniyalik videomurojaatda.

Shuningdek u o‘z pasportini ko‘rsatdi, biroq bu tasvir qora kvadrat yordamida yopib qo‘yilgan. Bundan tashqari, yigit o‘z minnatdorchiligini izhor etish maqsadida ismlar yoki tashkilot nomlarini aytayotgan paytda ham tovush o‘chirib qo‘yilgan. Murojaat qachon va qayerda qilingani noma'lum.

Telekompaniyaning xabar berishicha, Janubiy Koreya hukumati material haqiqiy ekani hamda yosh yigitning shaxsini aniqlashtirmoqda.

Agarda u haqiqatdan ham Kim Chen Namning o‘g‘li bo‘lib chiqsa, bu videomurojaat oila a'zolari tomonidan KXDR yetakchisi o‘gay akasining o‘ldirilgani haqida rasman tan olingan birinchi holat bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, 13 fevral kuni Kuala-Lumpur aeroportida ikki ayolning hujumidan so‘ng erkak hayotdan ko‘z yumdi. Malayziya hukumati halok bo‘lgan shaxs KXDR yetakchisi Kim Chen Inning akasi Kim Chen Nam ekanini tasdiqladi. Kim Chen Namning yuzidan ekspertlar VX asab-falajlovchi zaharli modda izlarini topishdi.

Mavzuga oid
Top