Jamiyat | 13:36 / 10.03.2017
10003
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ko‘z mikroxirurgiya markazining filiali tashkil etiladi

Surxondaryo viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya markazining Surxondaryo filialini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda, deb xabar qiladi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya  markazi direktori Zafar Sidiqovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda  Surxondaryo viloyatida ko‘z kasalliklari shifoxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ammo 100 o‘ringa va ambulator-maslahat poliklinikasi 100 qatnovga mo‘ljallangan ushbu ko‘z kasalliklari shifoxonasida  zamonaviy texnologiya va menejment tizimi yo‘lga qo‘yilmaganligi tufayli, viloyat aholisi malakali oftalmologik tibbiy yordam olish uchun poytaxtimizdagi respublika davolash muassasalariga murojaat qilishga majbur bo‘lishayotgan edi. 2015-2016 yillar tahliliga ko‘ra, viloyatdan 9176 nafar bemor Toshkentdagi respublika davolash  muassasalariga murojaat qilib, ulardan 1757 nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir bemor hamrohi bilan poytaxtga kelib, davolanishi va ma'lum muddat yashashi  uchun, taxminan 1,6 – 2,0 million so‘m kerak bo‘ladi. Xususan, oftalmologiyada eng ko‘p qilinadigan jarrohlik amaliyoti — katarakta fakoemulsifikatsiya uchun 800 ming so‘mgacha mablag‘  sarf qilinadi. Agar bir yilda, 1000 ta fakoemulsifikatsiya bajarilishi taxmin qilinadigan bo‘lsa, 1,1-1,5 milliard so‘m mablag‘ xarajat qilinadi, degani. Demak, endi shuncha mablag‘ni iqtisod qilish imkoni tug‘iladi.

Shu yil oxirigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya markazining Surxondaryo filialini tashkil etishdan maqsad ham, aholida ko‘z kasalliklari bilan kasallanishning oldini olish, keng tarqalgan – katarakta, glaukoma, tomir tizimi kasalliklari, diabetik retinopatiya kabi xastaliklarni ortiqcha mablag‘ xarajat qilmay, erta aniqlash va sifatli davolash imkoni yaratishdir. Bunda markazni Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilgan yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash, malakali kadrlar bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.  

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu tibbiy islohotlar surxondaryoliklarning ham uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga va albatta, tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojini samarali qondirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid