Seulda prezident iste'fosidan keyingi to‘qnashuvlarda uchinchi kishi halok bo‘ldi
Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi Pak Kin Xega nisbatan parlament qo‘llagan impichment qonuniy ekanini tasdiqlagach boshlanib ketgan norozilik namoyishlarida uchinchi kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Yonxap agentligi xabar qilmoqda.
Uchinchi kishi 11 mart kuni ertalab shifoxonada jarohatlar tufayli vafot etgan. Hozirda, uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani aniqlanmoqda. 10 mart kuni prezident tarafdorlari va undan norozi kayfiyatda bo‘lganlar orasidagi to‘qnashuvlarda 2 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan edi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, sud qaroridan norozi bo‘lgan prezident tarafdorlari tayoqlar va quvur parchalari bilan qurollanib, sud binosini egallab olishga uringan. Ular hatto sud qarorini kutib turgan jurnalistlarga ham tashlanishgan. Kiodo agentligining ma'lum qilishicha, 10 nafar OAV xodimi tan jarohati olgan. Jabrlanganlar orasida yana 70 kishi ham bor.
Ta'kidlash joizki, Pak Kin Xe Janubiy Koreyaning ilk ayol prezidenti va korrupsiya mojarosi tufayli e'lon qilingan impichment bo‘yicha hokimiyatdan chetlashtirilgan birinchi prezidenti bo‘ldi. Endilikda, 60 kun ichida navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi kerak.
Mavzuga oid
16:31 / 18.12.2024
Isyonda ayblanayotgan Janubiy Koreya prezidenti politsiya so‘roqiga kelmadi
21:54 / 17.12.2024
Janubiy Koreya Toshkent-Samarqand temiryo‘lining yangi tarmog‘ini loyihalashtirishni boshladi
16:45 / 17.12.2024
Janubiy Koreyada armiya bosh shtabi boshlig‘i hibsga olindi
11:00 / 17.12.2024