20:19 / 12.03.2017
14809

AQShda 2017 yilning eng yomon avtomobillari

AQShning Consumer Reports nashri 2017 model yilining 10 segmentida eng yomon avtomobillar nomlarini ma'lum qildi. Mutaxassislarning baholari shaxsiy test-drayvlar, mashinaning ishonchlilik reytingi, xavfsizlik ko‘rsatkichi va uning avvalgi versiyalari egalarining fikrlariga asoslangan.  

Quyida ushbu ro‘yxat keltirilgan.

Eng yomon subkompakt avtomobil:  Mitsubishi Mirage

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtacha
Mirage ushbu sinfdagi eng past bahoni motorning kuchli titrashlari, quvvatning yetishmasligi va "arzon-garov" ko‘rinuvchi saloni uchun olgan. Consumer Reports’da xaridorlarga bu mashinani olishga ketadigan pulga tutilgan bo‘lsa-da, biroq ishonchliroq modelni xarid qilishni tavsiya qilishdi.
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil:  Toyota Yaris iA

Eng yomon ixcham elektr/gibrid avtomobil: Mitsubishi i-MiEV

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtacha
Mutaxassislar i-MiEV elektrokarini "yaxshi ishlanmagan, sekin, beso‘naqay va qattiq" deb atashgan. Bundan tashqari, quvvatlashga ancha uzoq vaqt ketishi bilan birga ancha kam yurish zaxirasi tanqid qilindi. Nashrda bu mashinaning o‘rniga Nissan Leaf xarid qilish taklif qilindi.
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil:  Toyota Prius

Eng yomon ixcham avtomobil: Fiat 500L

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtachadan ancha yomon
Kattalashtirilgan Fiat 500 qattiqligi, yassi o‘rindiqlari va haydovchi o‘rindig‘ining beso‘naqayligi, ishonchliligining pastligi va krash-testlarda ko‘rsatgan past natijalari sababli tanqid qilindi. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bu avtomobilning ko‘pchilik egalari uni xarid qilishgandan afsus bildirishgan.  
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil:  Chevrolet Cruze

Eng yomon o‘rta o‘lchamli sedan: Chrysler 200

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtachadan ancha yomon
Chrysler sedani ishonchlilikning past darajasi bilan birga boshqarishda beso‘naqayligi, 4 silindrli motor, uzatmalar qutisining o‘ziga xos ishi va tor orqa o‘rindiqlar bilan mutaxassislar hafsalasini pir qildi.
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil:  Kia Optima

Eng yomon ixcham pikap: Toyota Tacoma

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtachadan ancha yomon
Toyota pikapi "oddiy", qattiq amortizatorli, boshqaruvi og‘irligi, salonda shovqinning balandligi va haydovchi uchun o‘rindiqning noqulayligi sababli tanqidga uchragan.
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil:  Honda Ridgeline

Eng yomon o‘rta o‘lchamli krossover: Dodge Journey

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtachadan yomon
Journey modelining yetarlicha manyovrli emasligi, motorining yonilg‘ini ko‘p sarflashi, oldidan zarba berishga sinalganda ko‘rsatkichlarning yomonligi va ishonchliligining pastligi qayd qilindi.
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil:  Toyota Highlander

Eng yomon hamyonbop premial avtomobil: Mercedes-Benz CLA

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtachadan yomon
Mutaxassislarning fikricha, CLA dvigateli "g‘alati" ishlaydi, amortizatorlari juda qattiq, salonda shovqin baland. Mashinaning saloni juda tor va unga o‘tirish noqulay deb atalgan. Bundan tashqari, nashrda mashinada premial avtomobillarda bo‘lishi kerak bo‘lgan ko‘plab funksiyalarning yo‘qligi qayd qilindi. 
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil: Buick Verano

Eng yomon premial o‘rta o‘lchamli sedan: Maserati Ghibli

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtachadan ancha yomon
Hamyonbop Maserati yonilg‘ini ko‘p sarflashi, qattiq amortizatori, tor orqa o‘rindig‘i va mashinaga o‘tirishda/tushishda noqulayligi uchun tanqid qilindi. Bundan tashqari, salonni bezashda arzon elementlardan foydalanilgan.
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil: Infiniti Q70

Eng yomon premial ixcham krossover: Land Rover Discovery Sport

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtachadan ancha yomon
Discovery Sport’ning 4 silindrli turbomotori, uzatmalar qutisi, amortizatorlari va rulini boshqarish qoniqarsiz deb topildi. Shuningdek, modelning multimedia tizimi (sekin javob berishi) va saloni (avtomobilning sinfi uchun juda oddiy) ham yaxshi taassurot qoldirmagan. Bundan tashqari, mashinaning ishonchliligi ham savollar uyg‘otadi.
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil: Mercedes-Benz GLC

Eng yomon hashamatli krossover: Cadillac Escalade

Ishonchliligi: o‘z sinfida o‘rtachadan ancha yomon
Escalade raqobatchilariga nisbatan yurishining ravonligi pastligi, katta o‘lchamlarga egaligiga qaramay noqulay saloni, ikkinchi qator o‘rindiqlarining pastligi va uchinchi qatorning torligi, chalkashtiruvchi multimedia tizimi va ishonchlilikning pastligi sababli past baholandi.  
Ushbu toifadagi eng yaxshi avtomobil: Audi Q7

Top