Jahon | 08:25 / 14.03.2017
8328
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Niderlandiya elchisiga mamlakatga kirishni taqiqladi

Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari No‘mon Qurtulmush Niderlandiya elchisiga mamlakatga kirish taqiqlangani haqida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Shuningdek Turkiya Niderlandiya bilan yuqori darajadagi barcha uchrashuvlarni bekor qildi. Bu haqda esa CNN Turk xabar tarqatdi.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqara vazirlarining chiqish qilishiga taqiq qo‘yilgani tufayli Niderlandiyaga diplomatik sanksiyalar bilan tahdid qildi va inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilishga tayyor ekanini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li 11 mart, shanba kuni Rotterdamdagi mitingga tashrif buyurib, Turkiya fuqarolariga 16 aprel kungi referendumga qo‘yilgan konstitutsiyaviy tuzatishlar haqida ma'lumot yetkazishni rejalashtirgandi. Biroq uning samolyoti Niderlandiyaga kiritilmadi. Shuningdek, mamlakatga mitingda qatnashish uchun Turkiya oila masalalari bo‘yicha vaziri Fotima Betul Sayyan Kayya ham yer usti transporti orqali kirib kelishni maqsad qilgandi, biroq Niderlandiya IIV xodimlari vazir avtomobili yo‘lini to‘sib qo‘yishdi, keyinchalik esa bu davlat hukumati uni “nomaqbul mehmon” deb atadi va mamlakatdan chiqarib yubordi.

Bundan tashqari, CNN Turk’ning xabar berishicha, Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari No‘mon Qurtulmush Niderlandiyadan bo‘lgan barcha diplomatik reyslar bekor qilingani haqida ma'lum qilgan.

Avvalroq Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte mamlakatga Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘lining samolyoti kiritilmagani tufayli uzr so‘ramasligini aytib o‘tgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid