19:12 / 15.03.2017
9752

2016 yili Surxondaryo viloyatida firibgarlik va o‘g‘irlik kabi jinoyatlar soni oshgan

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiyaning viloyat hududiy komissiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasi muhokama etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda

Sessiyada hududiy komissiya tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha faoliyati o‘rganildi. 

Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash borasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, qonuniylik, huquq-tartibotni mustahkamlash va fuqarolar xavfsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilgan. 2016 yil umumiy jinoyatchilik 0,2, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 14,5, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar 2,9 foizga kamayishiga erishilgan. Biroq ayrim sohalardagi profilaktik tadbirlar sifatli, ta'sirchan shakllarda o‘tkazilmagani oqibatida og‘ir tan jarohati yetkazish, firibgarlik, o‘g‘irlik, mulkni qasddan nobud qilish kabi jinoyatlar oshgan. 

Sariosiyo, Termiz, Uzun tumanlarida umumiy jinoyatchilik, Oltinsoy, Sho‘rchi, Qiziriq, Denov, Muzrabot, Qumqo‘rg‘on tumanlarida firibgarlik, Termiz shahri, Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sherobod, Termiz tumanlarida o‘g‘irlik, Boysun, Denov, Muzrabot, Sherobod, Qiziriq tumanlarida bezorilik jinoyatlari ko‘paygan. 

Viloyatda 400 dan ortiq ichkilikka ruju qo‘ygan shaxs aniqlangan. Ular bilan profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari keng jamoatchilik hamkorligida tizimli ravishda ish olib borishi zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, turli huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, voyaga yetmaganlar noqonuniy xorijga chiqib ketishining oldini olish, o‘quvchi-yoshlarni ta'lim muassasalariga to‘liq qamrab olish uchun ichki ishlar organlari, mahalla va ta'lim muassasalari hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. 

Sessiyada o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha viloyat, tuman va shaharlar mutasaddi idoralari rahbarlarining axborotlari tinglandi. Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, joylarda o‘tkazilayotgan profilaktika kuni samaradorligini oshirish yuzasidan muhim vazifalar belgilandi. 

Top