Jamiyat | 15:52 / 16.03.2017
8679
3 daqiqa o‘qiladi

Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta'minlash - tibbiyot tizimi islohotlarining bosh maqsadi

Foto: Kun.uz

Bugun, 16 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan "Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta'minlash tibbiyot tizimida o‘tkazilayotgan islohotlarning bosh maqsadlaridan biridir" mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" muxbirining ma'lum qilishicha, unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari, tegishli boshqarma rahbarlari, "Dori-darmon" aksiyadorlik kompaniyasi, "O‘zfarmsanoat" davlat aksiyadorlik konserni va Toshkent davlat farmatsevtika instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi. 

Foto: Kun.uz

Mazkur matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yilning 31 oktabridagi "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori amaliyotga qanday joriy etilayotgani, ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi va xalq uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida so‘z bordi. 

Shuningdek ushbu qaror bilan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan 343 nomdagi dori vositalari, shu jumladan 98 nomdagi mahalliy va 201 nomdagi chet el dori vositalari, 44 nomdagi tibbiy buyumlar, jumladan 18 mahalliy va 26 nomdagi chet el tibbiy buyumlari ro‘yxati tasdiqlangani qayd etildi. 

Matbuot anjumanida O‘zbekistonda mahalliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratib kelinayotgani ta'kidlandi. Xususan, istiqlolning dastlabki yillarida atigi ikki korxona tomonidan 30 ga yaqin dori vositalari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda 146 farmatsevtik korxonasi tomonidan 2200 dan ortiq dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida, xususan joriy yilning 5 yanvar va 7 fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda bu to‘g‘risida bir necha bor to‘xtalib, aholini arzon va ishonchli dori-darmon bilan ta'minlash vaqti kelganini bot-bot ta'kidlagan edi. Shu maqsadda qabul qilingan mazkur qaror aholi va davolash-profilaktika muassasalarini keng tarqalgan kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan yuqori samaradorlikka ega sifatli va arzon dori vositalari bilan ta'minlashga qaratilgan. 

Foto: Kun.uz
Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid