Jahon | 21:40 / 17.03.2017
11066
3 daqiqa o‘qiladi

Trampning navbatdagi rejasini amalga oshirishga 690 mlrd dollar kerak bo‘ladi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan saylovoldi kampaniyasida bildirilgan, AQSh flotini keyingi 30 yil ichida hozirgi 275 ta kemadan 350 ta kemagacha yetkazish istagini ro‘yobga chiqarish uchun kamida 690 mlrd dollar talab qilinadi. Shunday raqamlarni AQSh kongressining byudjyet boshqarmasi taqdim qildi. Undan ko‘rinishicha, bu rejalar tasdiqlansa, AQSh harbiy-dengiz kuchlari har yil kemalar qurish uchun 23 mlrd dollardan oladi, bu esa oxirgi 30 yil ichida HDKga ajratilgan mablag‘dan 60 foiz ko‘proqni tashkil qiladi.

Biroq mutaxassislar AQSh HDK moliyalashtirilishining bunday sezilarli miqdorda oshirilishining imkoniyati kam deb hisoblamoqdalar. Biznes vakillarining aytishicha, Trampning bu rejasini amalga oshirishdagi asosiy muammo mablag‘ emas, balki  uni bajarish uchun zarur odamlar va texnik imkoniyatlarning yo‘qligi hisoblanadi. Ayni vaqtda bozorda bu rejani amalga oshirish uchun yetarlicha ishchilar yo‘q, kemasozlik verflari va ularning pudratchilariga ishlab chiqarishni tegishlicha oshirish uchun yillar kerak bo‘ladi.  

AQSh harbiy floti uchun kemalar yetkazib beruvchi Newport News Shipbuilding kompaniyasida ular joriy yilda qo‘shimcha 4 ming ishchi yollamoqchi ekanliklari ma'lum qilindi. Pentagon uchun kemalar yasab beruvchi yana bir kompaniya bo‘lgan General Dynamics 2017 yilda qo‘shimcha 2 ming kishini ishga olmoqchi. 

Trampning bu ulkan rejasini amalga oshirish yangi mutaxassislarni tayyorlashni talab qiladi, bunga esa ko‘p yillar kerak bo‘ladi. AQShda malakali payvandchilarning yo‘qligi kemasozlikda talab qilinadigan eng malakali payvandchilar yiliga 300 ming dollarlab ishlab topishiga olib kelgan.

"Amaliyotning ko‘rsatishicha, tegishli malakadagi kemasozni o‘qitish uchun kamida 5 yil talab etiladi", deb aytmoqda General Dynamics Electric Boat kompaniyasi vitse-prezidenti Maura Dann. Uning aytishicha, yuqori malakali payvandchini tayyorlash uchun esa yanada ko‘proq vaqt – 7 yil kerak bo‘ladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid