19:17 / 19.03.2017
15648

Berlin Trampning Germaniya "qarzdor" ekanligi haqidagi so‘zlariga javob berdi

Foto: EPA/OLIVER WEIKEN

Germaniya mudofaa vaziri Ursula fon der Lyayyen AQSh prezidenti Donald Trampning Berlin "NATO va AQSh oldida katta miqdorda qarzdor" ekanligi haqidagi gaplarini inkor qildi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda

"NATOda qarzdorlar yo‘q", deb aytgan fon der Lyayyen.

Norasmiy ko‘rsatmaga ko‘ra, NATOga a'zo davlatlarning mudofaaga sarf-xarajatlari ularning yalpi ichki mahsulotining 2 foizidan kam bo‘lmasligi kerak, biroq 2016 yilda bu me'yorni AQSh va Buyuk Britaniyagina bajargan. Shu sababli Vashington NATO a'zolari alyansni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarini to‘laqonli bajarmayapti, deb hisoblamoqda. Ayni vaqtda AQSh alyansning 70 foiz xarajatlarini qoplamoqda.

Biroq fon der Lyayyenning aytishicha, YaIMning 2 foiz miqdoridagi mudofaa byudjyeti nafaqat NATO ehtiyojlariga sarf-xarajatlarni anglatadi. Uning aytishicha, tinchlikparvar missiyalar, IShIDga qarshi kurash va turli gumanitar dasturlar ham bu mablag‘lardan qoplanadi.

18 mart kuni Tramp Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashuv natijalariga izoh berish vaqtida go‘yoki Berlin NATO va AQShga qarzdor ekanligini aytgan. Uning aytishicha, Germaniya "unga taqdim qilinayotgan qudratli va juda qimmatbaho mudofaaga" tegishlicha haq to‘lashi lozim.  

Mavzuga oid
Top