Jamiyat | 23:23 / 22.03.2017
19350
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda 20 kun ichida 10 fohishaxona aniqlandi

1-20 mart kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ahloq-odob doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, bunday jinoyatlarga qarshi kurashish, shu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil shaxslar va jinoiy guruhlarni o‘z vaqtida aniqlash, ahloq-odob doirasida huquqbuzarliklar sodir etilishi mumkin bo‘lgan obektlarni tezkor-profilaktik qamrovga olish borasida maxsus amaliyotlar o‘tkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Shukurollo Ayubov shu haqida xabar berdi.

Ularda ichki ishlar idoralaridan 214 nafar, davlat soliq inspeksiyasidan 26 nafar xodim va 234 nafar jamoatchilik vakili ishtirok etdi. Mazkur vaqt oralig‘ida 491 obekt 572 marotaba o‘rganib chiqilib, ulardan 46 hammom, 19 sauna, 21 mehmonxona, 12 xususiy mehmonxona, 54 yotoqxona, 2 kinoteatr, 2 videozal va videosalonlar, 18 audiovizual mahsulotlarini sotish do‘koni va shoxobchalar, 31 internet klub, 2 diskoteka, 178 choyxona, 5 bilyardxona hamda boshqa turdagi 296 obekt o‘rganib chiqildi. 

Yigirma kun ichida 34 ma'muriy huquqbuzarlik aniqlanib, Sud tomonidan huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda jarimalar solindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi buyicha fohishaxona saqlash yoki qo‘shmachilik qilishga doir 10 jinoyat aniqlanib, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 131-moddasiga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Fohishalik bilan shug‘ullanishda gumon qilingan 46 nafar shaxs teri-tanosil kasalliklari dispanseriga olib borilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan 18 nafar shaxsdan teri-tanosil kasalliklari aniqlandi hamda bu shaxslar joylardagi shahar va tuman IIBning profilaktik hisobiga olindi.

Mavzuga oid