Iqtisodiyot | 20:06 / 24.03.2017
8123
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekenergo» AJ hisoboti: mahsulot ishlab chiqarish topshiriqlari 107,3 foizga bajarildi

O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy ustuvorligini amalga oshirishda kelib chiqqan muhim vazifalarni ta'minlash maqsadida «O‘zbekenergo» AJ tomonidan energetika korxonalarining barqaror ishlashini, ishlab chiqarish faoliyati prognoz ko‘rsatkichlariga erishishni ta'minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rildi. Bu haqda jamiyat Axborot xizmati xabar bermoqda.

«O‘zbekenergo» AJ elektr stansiyalari tomonidan tezkor ma'lumotlarga ko‘ra, iste'molchilarga 59 mlrd. kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, o‘sish sur'ati ko‘rsatkichlari 104 foizni tashkil etdi, shuningdek, iste'molchilarga 7,5 mln. Gkal hajmda issiqlik energiyasi uzatildi. Mahsulotni eksport qilish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi 100 foizni tashkil etdi.

«O‘zbekenergo» AJ korxonalari tomonidan mahalliy xomashyo asosida mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish topshiriqlari 107,3 foizga bajarildi.

Ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida mahsulot tannarxi 11,3 foizga pasaydi.

Tarmoqlarga xizmat ko‘rsatish, qurilish-montaj va loyiha-qidiruv ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 25 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilga mo‘ljallangan Investitsiya Dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2458 sonli qaroriga muvofiq yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va amaldagilarini modernizatsiyalash va qayta qurish bo‘yicha «O‘zbekenergo» AJ tomonidan 23 ta yirik investitsion loyihalar amalga oshirildi.

2016 yilga mo‘ljallangan 5 ta investitsion obektlar bo‘yicha ishlar yakunlandi va ishchi komissiyalar dalolatnomalari rasmiylashtirildi.

Xususan, investitsion loyihalar doirasida Talimarjon IESda umumiy quvvati 900 MVt ga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi va Angren IESda quvvati 150 MVtga ega bo‘lgan energoblok ishga tushirildi. Hozirgi kunda ushbu stansiyalar tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

«Angren-Pop» elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining ta'minlovchi nimstansiyalariga tashqaridan elektr quvvati yetkazib beruvchi obektlarni qurish loyihasi bo‘yicha umumiy uzunligi 23,77 km bo‘lgan 110 - 220 kV havo liniyasi (HL) va 200 MVA transformatori shuningdek, «Samarqand-Buxoro» yo‘nalishi bo‘yicha umumiy uzunligi 20,2 kmga teng 110 kV HL ishga tushirildi.

«Angren» MIH da «Izolyator va liniyalarni bir-biriga bog‘lovchi armaturalar ishlab chiqarishni tashkil etish» («Armatura-izolyator zavodi» MChJ QK) loyihasi doirasida birinchi bosqich bo‘yicha ishlar yakunlandi, hozirgi vaqtda liniyalarni bir-biriga bog‘lovchi armatura ishlab chiqarilmoqda.

«Navoiy IESning quvvati 450 MVt ga teng ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan kengaytirish» va «Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish» loyihalari bo‘yicha «tayyor holda topshirish» sharti bilan bosh pudratchini tanlash tenderlari o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari bilan shartnomalar imzolandi.

«Taxiatosh IES da quvvati 230-280 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish» loyihasi bo‘yicha bosh pudratchini tanlash tender savdolari «Hyundai Engineering & Construction Company Ltd» (Koreya) QK kompaniyasining g‘olibligi bilan yakunlandi.

«Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini va 0,4 6-10 kV elektr ta'minoti obektlarini rivojlantirish va modernizatsiyalash» loyihasi doirasida umumiy uzunligi 607,3 km ga teng elektr uzatish liniyalari qurildi va rekonstruksiya qilindi, 460 ta komplekt transformator podstansiyalari o‘rnatildi.

Elektr energiyasini hisoblash tizimini modernizatsiyalash loyihasi bo‘yicha «O‘zbekenergo» AJ korxonalari tomonidan elektr energiyasini hisobga oluvchi zamonaviy elektron hisoblagich asboblarini joriy etish yuzasidan ish olib borilmoqda. Joriy etish boshlangandan buyon o‘tgan davr mobaynida esa yuridik iste'molchilarga 243,1 ming donadan ortiq uch fazali va 176,1 ming dona bir fazali elektron hisob asboblari; maishiy iste'molchilarga 33,1 ming donadan ortiq uch fazali va 4292,0 ming dona bir fazali elektron hisoblagich o‘rnatildi.

«O‘zbekenergo» AJ tomonidan muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish tadbirlar kompleksiga muvofiq qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid