O‘zbekiston | 20:11 / 27.03.2017
15779
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik ishbilarmonlar Prezidentning Qozog‘istonga tashrifi ahamiyati haqida gapirishdi

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 22-23 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Tashrif doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Biznes-forumda O‘zbekiston va Qozog‘istonning 500 dan ortiq ishbilarmonlari ishtirok etdi. Ularning yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan savdo shartnomalari va investitsiyaviy bitimlar imzolandi.

O‘zA muxbirlari biznes-forum va ko‘rgazmada qatnashgan O‘zbekistonning kompaniya va korxonalari rahbarlari, ishbilarmonlari bilan suhbatda bo‘lib, mazkur tadbirlarda erishilgan kelishuv va bitimlarning ahamiyati haqida so‘zlab berishini iltimos qildi.

Odilxon Rustamov, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi raisi:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22-23 mart kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifi bu boradagi vazifalar qanchalik muhimligining yana bir isbotidir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va yaqin hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib bormoqda. 2016 yilda kompaniyamiz tomonidan Qozog‘istonga qariyb 500 ming tonna mahsulot eksport qilindi. Sabzavotlar, mevalar, uzum, poliz mahsulotlari, quritilgan meva-sabzavotlar shular sirasidandir. 

Joriy yilda rejalarimiz bundan ham ulkan. Yanvar-fevral oylarida qariyb 16 million dollarlik mahsulot eksport qilingani ham hamkorligimizning ufqlari kengayib borayotganidan dalolatdir. Yil yakuniga qadar tizimdagi korxonalarda tayyorlangan 560 ming tonna mahsulotni Qozog‘iston bozoriga yetkazib berish niyatidamiz.

Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasida mamlakatimiz sanoat korxona va kompaniyalari o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etdi. “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tizimdagi 90 dan ziyod korxona va ularda ishlab chiqarilayotgan 300 ga yaqin turdagi meva-sabzavot, qandolatchilik, go‘sht-sut mahsulotlari, turli ichimliklar bilan ishtirok etdi. Ko‘rgazma yakunida 300 million dollarga yaqin shartnomalar imzolashga erishdik.

Iqtisodiyotimizga jalb qilinayotgan investitsiyalarning asosiy qismi ishlab chiqarish obektlarini qurish, ularni eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlashga yo‘naltirilmoqda. Natijada soha korxonalari Avstriya, Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Xitoy kabi 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning eng zamonaviy texnologik uskunalari bilan jihozlanmoqda. Bu yuqori sifatli, tashqi bozorlarda raqobatdosh mahsulot tayyorlashda qo‘l kelmoqda. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlarimizni dunyoning 80 dan ortiq davlatiga eksport qilamiz. Oxirgi 10 yilda meva sharbatlari eksporti 2, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksporti o‘rtacha 1,5 barobar ko‘paydi, valyuta tushumi 6 marotaba ortdi.

Kompaniyamiz tizimida “O‘zagroeksport” korxonasi faoliyat yuritmoqda. Hozir mazkur korxona tomonidan Qozog‘istonda uchta savdo uyi ochilgan. Bugungi kunda savdo uylari bilan umumiy qiymati 40 million dollarlikdan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Alisher Sultonov, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi:

– Prezidentimizning Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida Ostonada bo‘lib o‘tgan biznes-forum ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan “Kazmunaygaz”, “Kaztransgaz” va “Kaztransoyl” kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi.

Ushbu uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlar orasida Omsk-Pavlodar-Chimkent neft quvuri tarmog‘i orqali neftni qayta ishlovchi zavodlarimizni xomashyo bilan ta'minlashga oid shartnomani alohida qayd etish zarur.

Bu kelishuv yaqin istiqbolda Rossiya yoki Qozog‘istonda ishlab chiqarilayotgan neftning bir million tonnasini O‘zbekistonga yetkazib berish imkonini beradi. Kelgusida ushbu ko‘rsatkichni yiliga besh million tonnagacha yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur istiqbolli loyiha Jizzax viloyatida barpo etilayotgan neftni qayta ishlash zavodini zarur xomashyo bilan ta'minlashga xizmat qiladi. Bu obektni 2020 yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Davron Akbarov, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi to‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligi direktori:

– O‘zbekiston yengil sanoatchilari bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlari, xususan, Qozog‘iston to‘qimachilik va savdo kompaniyalari o‘rtasidagi o‘zaro savdo-iqtisodiy va kooperatsion aloqalar izchil rivojlanayotir. Mamlakatimiz korxonalari Qozog‘istonning «Davtex», «RVS Company», «Jyetisu Market», «Azala Textile» kabi kompaniyalari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. 2015-2016 yillarda O‘zbekistondan Qozog‘istonga 18,5 million dollarlik ip-kalava, mato, trikotaj polotnosi, tayyor tikuv-trikotaj kabi to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilindi. Joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 20 million dollarga yetkaziladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasida “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 25 korxona 70 dan ziyod turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi. «Uztex Group», «Istiqlol Tekstil Dizayn», «Urganch Bahmal», «Art Soft Tex», «Sedat Triko Tashkent», «Textile Mill Tashkent», «Mos Yan Teks», «Bofanda», «Jizzah Plasteks», «Favorit Textile», «Mini Max», «Shafak Textile», «Turan Tex», «SAG» kabi kompaniyalar tayyor trikotaj, turli paypoqlar, erkaklar kostyumi va ko‘ylaklari, paltolar, ip-kalava, bolalar kiyimlari, gilamlar va boshqa turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini namoyish qildi. O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari qozog‘istonlik sheriklarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Rumiya Abaydulina, «Unison Group» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari:

– Ostona shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasidagi ishtirokimiz g‘oyat samarali bo‘ldi. Unda biz Qozog‘istonning ko‘plab ishbilarmonlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish, ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan kelishuvlarga erishishga muvaffaq bo‘ldik. Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida kompaniyamiz Qozog‘istonning «Agro Max Astana», «Darjan Grupp» va boshqa qator savdo majmualari bilan konservalangan o‘zbek palovi yetkazib berish bo‘yicha qariyb 1 million dollarlik shartnoma imzoladi.

Mahsulotimizga Qozog‘istonning qator savdo korxonalari tomonidan talab tobora ortib bormoqda. Jamg‘arma mahsulotimiz reklamasini ta'minlash bilan bir qatorda uning eksportini amalga oshirish uchun 250 million so‘m miqdorida foizsiz moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi. Bu mahsulotlarimizni xorijiy hamkorlarimizga tez va sifatli yetkazib berishga hamda ular bilan hamkorligimizni yanada kuchaytirishga zamin yaratmoqda.

Mavzuga oid