Senat O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi topshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.
Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N. Yo‘ldoshev olib bordi.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Shartnomani (Moskva, 2016 yil 29 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasidagi topshirish to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2016 yil 17 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik institutini ta'sis etish to‘g‘risidagi Bitimni (Islomobod, 2016 yil 26 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqdilar va ma'qulladilar.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2016 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining hisobotida qayd etilganidek, Ombudsmanning 2016 yildagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar rioya etayotganligini nazorat qilish samaradorligini oshirishga qaratildi. Jumladan, inson huquqlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga va uni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga asosiy e'tibor qaratildi.
Hisobot davrida Ombudsman tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun loyihalariga hamda bir qator boshqa qonun hujjatlariga takliflar kiritildi. Ombudsman vakillari O‘zbekistonda tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Ombudsman institutini tashkil etishga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tashkil etilgan ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etdilar.
O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet davlatlar fuqarolarining, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslarning qariyb uch mingta murojaati Ombudsman tomonidan parlament nazorati sub'yekti sifatida ko‘rib chiqildi hamda hal etildi.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni hal etish bo‘yicha Ombudsman ishlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar va tavsiyalar berildi.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024