21:14 / 31.03.2017
9573

Rossiyaliklarning 2017 yilgi Haj kvotasi 25 foizga oshirildi

Saudiya Arabistoni islom diniga e'tiqod qiluvchi rossiyaliklarning 2017 yilgi Haj kvotasini 25 foizga - 20,5 ming o‘ringa oshirdi. Bu haqida 31 mart, juma kuni Rossiya Musulmonlar diniy idorasi (MDI) va Muftiylar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Rushan Abbosov TASSga bergan intervyusida ma'lum qildi. 

"Joriy yilda Rossiya Federatsiyasi uchun belgilangan kvota - 20 500 o‘rin (2016 yilda - 16 400). Bunga qadar uch yil davomida Makkadagi Al-Haram masjididagi ta'mirlash ishlari sabab barcha mamlakatlar uchun ajratiladigan joylar qisqartirilgandi. Asosiy ishlar tugallanganligi bois Saudiya Arabistoni bu kvotani qaytarishga qaror qildi", - dedi agentlik suhbatdoshi. 

Abbosovning so‘zlariga ko‘ra, kvota mintaqalar o‘rtasida taqsimlangan, akkreditatsiyadan o‘tgan turoperatorlar esa ishlab chiqilgan dasturlar bo‘yicha ziyoratchilarni to‘plashni boshlashdi. Ko‘p joylardan Saudiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar ochilgan.
 
Manbaga ko‘ra, eng ko‘p ziyoratchilar Dog‘iston respublikasidan bo‘ladi - u yerdan an'anaga ko‘ra, 7 mingga yaqin kishi yo‘l oladi. Makkaga boruvchilar orasida Chechen Respublikasi, Moskva, Tatariston, Boshqirdiston va Sibir aholisi ko‘pchilikni tashkil qiladi. Qrimdan Haj safariga yo‘l oluvchilar soni - 300 nafar atrofida. 

Bu yil birinchi marta Peterburgdan Makkaga nafaqat Rossiya fuqarolari, balki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan MDH davlatlari aholisi ham borishi uchun imkon yaratiladi. 

Shuni ta'kidlash joizki, 2017 yildan O‘zbekiston  fuqarolari uchun belgilangan Haj kvotasi deyarli 40 foizga oshirilib, 7200 nafarni tashkil qilgan (ilgari bu ko‘rsatkich 5200 nafar edi). 

Mavzuga oid
Top