Jahon | 12:08 / 31.03.2017
8511
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya muxolifati sobiq prezident hibsga olinganini olqishladi

Muxolifatchi partiya vakili Yung Kvang Suk mamlakatda yuz bergan siyosiy va ijtimoiy larzalarga aynan davlatning rahbari aybdor ekanligini ta'kidlagan.

"Toburo" muxolifatchi siyosiy partiyasi sobiq prezident Pak Kyun Hening hibsga olinganini olqishladi, deb xabar beradi WTN telekanali.

"Toburo" rasmiy vakili so‘zlariga ko‘ra, sudning bu qarori Pak Kyun He xatti-harakatlarining "tabiiy intihosi" bo‘lgan. "Qonun oldida barcha barobar", — degan bu borada partiya vakili Yung Kvang Suk. U sobiq prezidentni  mamlakatda yuz bergan siyosiy va ijtimoiy larzalarda ayblab, tergov uning jinoyatlari borasida "barcha haqiqatni ro‘yobga chiqarishi"dan umid qilayotganini bildirgan.

Yangi o‘tkazilajak prezident saylovlarida eng mashhur nomzod Mun Jye Inaning vakili Pak Kyun Hening hibsga olinishini "Koreya Respublikasi qulayozgan binosini qayta qurish yo‘lidagi ilk qadam", deya baholagan. "Bu sog‘lom fikr va adolatga intilayotgan xalqning istaklariga ham to‘la mos keladi, — degan u. — Endi biz ushbu sahifani yopib, sof va rostgo‘y jamiyat qurishni boshlashimiz mumkin".

Bir vaqtning o‘zida Koreyaning sobiq yetakchi Ozodlik partiyasi (KOP) o‘zi bayonotida Pak Kyun Hening ushlanishini "afsuslanarli qadam" ekanligini ta'kidlab, "bunday og‘riqli voqea boshqa hech qachon takrorlanmasligi"ga umid bildirgan. 

KOPdan ajralib chiqqan "Parun" partiyasi sud qarorini hurmat qilishini, biroq sobiq prezidentni hibsga olish zaruriyati bo‘lmaganini aytib o‘tgan. Tashkilot Janubiy Koreya siyosiy partiyalari ushbu mashmashadan tegishli xulosalar chiqarib olishidan umid qilayotganini bildirgan. Kelajakda yana shunday mashmashalar yuzaga kelmasligi uchun partiya mamlakatni boshqarish tizimini qaytadan ko‘rib chiqish lozimligini bildirdi.
 
Janubiy Koreya hokimiyati sobiq prezident Pak Kyun He xonimni hibsga olgan. U poraxo‘rlik, mansabni suiiste'mol qilish, noqonuniy bosim uyushtirganlik va davlat sirlarini oshkor etganlikda ayblanmoqda. Davlatning sobiq rahbarini qo‘lga olish uchun orderni Seul shahri sudi bergan. Shundan so‘ng sobiq prezident sudgacha Koreya Respublikasi poytaxti janubidagi vaqtinchalik qamoqxonaga joylashtirilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid