Jamiyat | 17:27 / 02.04.2017
12264
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida viloyat olimpiadasi g‘oliblari aniqlandi

28 mart – 1 aprel kunlari Andijon tibbiyot kollejida viloyat kasb-hunar ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi akademik litsey va kasb hunar kollejlari ikkinchi va uchinchi kurs o‘quvchilari o‘rtasida umumta'lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Olimpiadaning mazkur bosqichida 14 ta umumta'lim fanlari bo‘yicha ta'lim muassasalarining 579 nafar 3-kurs hamda 575 nafar 2-kurs o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Bilimlar bellashuvi natijalariga ko‘ra 28 nafar o‘quvchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, olimpiadaning Respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, sovrinli o‘rinlarni egallagan 16 nafar o‘quvchi kelgusi yili bo‘lib o‘tadigan olimpiadaning viloyat bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Fanlar kesimida eng ko‘p natijani Andijon davlat universiteti qoshidagi 4-sonli akademik litsey (6 ta o‘rin), Andijon davlat universiteti qoshidagi 3-sonli akademik litsey (5 ta o‘rin), Andijon qishloq xo‘jaligi instituti qoshidagi 3-sonli hamda Andijon mashinasozlik instituti qoshidagi 2-sonli akademik litseylar (2 tadan o‘rin) o‘quvchilari qo‘lga kiritdi.

Olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimida g‘olib o‘quvchilarga maxsus guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi mas'ul xodimi A.G‘aniyev, viloyat kasb hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i F. Buzrukov hamda O‘zbekiston Qahramoni, Oltinko‘l iqtisodiyot kolleji direktori Sh.Mamatqulovlar ishtirok etdilar va g‘olib o‘quvchilarni erishgan yutuqlari bilan qizg‘in tabrikladilar.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid