O‘zbekiston | 21:02 / 03.04.2017
9543
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiyerda 207 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshiriladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 30 martdagi 2860-sonli qaroriga asosan, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida kichik sanoat hududi yaratildi.

Ma'lumot uchun, kichik sanoati hududi (KSH) muhandis-texnik kommunikatsiyalari bilan ta'minlangan, alohida hollarda ishlab chiqarish maydonlariga ega yer maydonini o‘z ichiga olgan hudud hisoblanadi.

Yangiyerning jabuniy hududida joylashgan KSHning faoliyat yuritishi muddati 30 yilni (keyinchalik uzatish imkoniyati bilan) tashkil qiladi.

Ushbu KSHda umumiy qiymati 40 mln dollarni tashkil qiluvchi 207 ta loyiha amalga oshirilishi kerak.

Bunda KSHda to‘qimachilik, poyafzal va charm-attorlik, ekologik toza kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnik sanoat, qurilish materiallari sanoati, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohalari bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.

KSH ishtirokchilari – ishlab chiqarish mikrofirmalari va kichik korxonalar ushbu hududda joylashtirilishi haqida qaror qabul qilingan sanadan quyidagi to‘lovlardan ozod qilinadilar:

yagona soliq to‘lovi;

shaxsiy ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan qurilma, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar, metall konstruksiyalar va qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtirilishi uchun yig‘imdan tashqari). 
 
Bunda bir qator shartlar amal qiladi:

birinchidan, ko‘zda tutilgan imtiyozlar agar ishtirokchilar 2000 minimal ish haqi miqdorida investitsiya kiritsalar 3 yilga beriladi;
ikkinchidan, agar ishtirokchining yillik tushumi 1000 minimal ish haqidan kamroq bo‘lsa, taqdim  qilingan imtiyozlar soliq va bojxona to‘lovlarini to‘lash majburiyati tiklanishi bilan bekor qilinadi;

uchinchidan, bojxona imtiyozlari qo‘llangan holda olib kirilgan materiallar ular olib kirilgan vaqtdan 3 yil ichida sotilsa yoki bepul berilsa, bojxona to‘lovlari to‘liq hajmda undiriladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid