11:27 / 03.04.2017
7433

Mun Chje In Janubiy Koreya prezidentligi uchun eng mashhur nomzod bo‘lib qolmoqda

Janubiy Koreya respublikasining liberal kayfiyatdagi siyosiy elitasi vakili Mun Chje In mamlakat prezidentligi uchun eng asosiy da'vogarlardan biri bo‘lib qolmoqda. Realmeter agentligi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijasi shundan dalolat qilmoqda.

"Agar saylovlar bugun bo‘lib o‘tganida Mun Chje Inga 34,9 foiz saylovchilar ishonch bildirgan bo‘lishardi, bu o‘tgan haftadagidan 0,5 foiz ko‘proqdir", - deyiladi tadqiqotda. 

Ikkinchi o‘rinda Xalq partiyasi vakili An Chxol Su bormoqda. Unga 18,7 foiz saylovchi ovoz berishga shay. U, shuningdek, bir hafta mobaynida 6,1 foizlik o‘sishni ta'minlay olgan. Uning ortidan Chxunchxon-Namdo viloyati hokimi An Xi Chjun borayapti. Uning tarafdorlari soni saylovchilarning 12,1 foizini tashkil etadi. O‘tgan bir hafta ichida ushbu siyosatchini qo‘llab-quvvatlovchilar soni 5 foizga kamaygan. Keyingi o‘rinlarda Sonnam shahri hokimi Li Chje Myon (10 foiz) va Koreya ozodlik partiyasi (sobiq "Senuri" partiyasi) vakili Kyonsan-Namdo viloyati hokimi Xon Chjun Pxyo (7,5 foiz) bormoqda. 

Ijtimoiy so‘rovda 2,5 mingdan ko‘p kishi ishtirok etgan. Natijalar o‘rtasidagi xatolik 1,9 foizga yaqin bo‘lib, ishonchlilik darajasi 95 foizni tashkil etadi, deb yozadi agentlik. 

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xega dugonasi Tsoy Sun Sil bilan bog‘liq Korrupsiya mojarosiga aralashib qolgach, parlament tomonidan impichment akti qo‘llanilgan edi. Konstitutsiyaviy sud 10 mart kuni bu qarorni ma'qullagan va navbatdagi prezidentlik saylovini 9 mayga belgilagandi.

Top