Jamiyat | 21:48 / 03.04.2017
9367
4 daqiqa o‘qiladi

Popdagi ochiq muloqotda mutasaddilar Pillakash bozoriga bepisand ekani aytildi

“43-Pop” saylov okrugidan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi Nodirjon Muxtorov tumanimizdagi Sirdaryo, Yangihayot, Chodak qishloq fuqarolar yig‘ini hududida saylovchilar bilan ochiq muloqotlarni o‘tkazdi.

Samimiy muloqotlarda deputat Nodirjon Muxtorov, O‘zMTDP Pop tumani Kengashi raisi Umida Sayfiddinova so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar eng avvalo, inson manfaatlarini ta'minlash, elimiz farovonligini yuksaltirish va xalqimizni bugungi va ertangi yorug‘ kunlarimizdan rozi bo‘lib to‘kin hayot kechirishiga qaratilganini ta'kidladi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2016 yil 31 oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlari mazmun-mohiyati xususida batafsil tushuncha berildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, O‘zMTDP dasturiy maqsadlari va saylovoldi Platformasida belgilangan vazifalar ijrosi, elektorat manfaatlarini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar, parlamentdagi qonun ijodkorligi faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuvlarda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan bir qator masalalar bilan xalq vakiliga murojaat etdilar. Jumladan, Xo‘jaobod qishloq vrachlik punktida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda bosh shifokor Hafiza Jalolova so‘zga chiqib, QVPda issiqlik tarmog‘ini yaxshilash, mavjud shtat-xodimlarni qisqartirmaslik, hududdagi ta'mirtalab yo‘llarni obodonlashtirish lozimligini ilgari surdi. 26-umumta'lim maktabi binosida o‘tkazilgan uchrashuvda esa Chodak qishlog‘ida yashovchi Abdurasul Samatov yaqinda harbiy xizmatni o‘tab qaytgan farzandini yong‘in xavfsizligi bo‘limiga ishga joylashtirish masalasiga amaliy yordam berishni so‘radi. Pillakash mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Ozodvoy Bozorov MFY hududida joylashgan bozor bugungi kunda talab darajasiga javob bermasligini aytib, unda oziq-ovqat mahsulotlari va buyumlar hech qanday sertifikatsiz sotilayotgani, bozordagi tartib-intizomning yo‘qligi oqibatida ko‘chada harakatlanish uchun qiyinchiliklarga duch kelinayotganini, bu borada soliq va boshqa tegishli idoralar tomonidan hech qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmayotganini qayd etdi.

Deputat saylovchilar bilan uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ijobiy yechim topilishi hamda bunda parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan unumli foydalanishini alohida qayd etdi.

Ta'kidlash joizki, ochiq muloqotlar davomida bir qator fuqarolar avvalgi uchrashuvlarda o‘rtaga tashlangan muammolarni bartaraf etilgani, taklif-tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangani uchun Nodirjon Muxtorovga minnatdorchilik so‘zlarini izhor qildilar:

Go‘shamizda aholi soni oshib borayotgani natijasida o‘quvchilar soni ham ko‘paygan edi. Biz ayni shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, 19-umumta'lim maktabiga alohida filial barpo etishni so‘rab, deputatimizga murojaat qilgan edik, - deydi Xonobod mahallasida yashovchi fuqaro Tursunboy Suvondiqov. – Nodirjon Muxtorovning tashabbusi va amaliy sa'y-harakati bilan 140 o‘ringa mo‘ljallangan yangi filial binosi qad rostladi. Bu o‘z navbatida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidan ko‘zda tutilgan olijanob maqsad-vazifalarga hamohangdir. Buning uchun deputatimizdan bag‘oyat xursandmiz.

Oqilxon Dadaboyev,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Namangan viloyati Kengashi matbuot kotibi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid