Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskvada shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Moskva shahrida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh xotiralariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Muslimaat.uz xabar berdi.
Rossiya poytaxti Moskva shahrida Rajab oyining kirib kelgani va shu bilan bir qatorda butun Islom dunyosiga mashhur bo‘lgan o‘zbekistonlik shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh xotiralariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish joriy yilning 29 mart kuni Moskvaning MRO «Risolat» qoshidagi «Ixlos» musulmon o‘qituvchilar markazida uyushtirildi. Unda serquyosh O‘zbekistondan kelgan mehmonlar, poytaxt mehmonlari, markazda ta'lim oluvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tadbir muqaddas Qur'on qiroati bilan boshlandi. Uni asli o‘zbekistonlik bo‘lgan 9-sinf o‘quvchisi Abduvali Jalolov o‘qib berdi.
So‘ng so‘z navbati «Ixlos» markazi rahbari Anas hazratlariga berildi. Anas hazratlari shayx Hazratlari haqlaridagi yorqin xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. U kishi barchani kirib kelgan Rajab oyi bilan qutlab, bu oyning Islom tarixi va musulmonlar hayotida tutgan muhim ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida muborak Rajab oyiga bag‘ishlangan she'rlar o‘qildi, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlaridan sahna ko‘rinishlari qo‘yildi, shuningdek, nashidlar ijro etildi.
Bolalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir musulmonga o‘rnak bo‘lishi lozim bo‘lgan hayot yo‘llari, fazilatlari hamda ahloqiy sifatlari haqida gapirib berdilar.

Tadbir chog‘ida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning shogirdlari Rizqulbek Karimbekov ham so‘zga chiqib, o‘quvchilarni ilm olishga chorladi, bu yo‘lda o‘zlariga muhtaram Shayx Hazratlarini o‘rnak qilib olishlarini ta'kidladi.
Yig‘ilish doirasida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning hayotlari va faoliyatlaridan tasvirli yozuvlar qo‘yildi. Shayx Hazratlarining shogirdlari hamda maktab rahbari u kishini iliq xotiralar bilan yod etdilar.
Musulmon o‘qituvchilar markazining talabalari, Shayx Hazratlarining vatandoshlari aka-uka Xurramovlar Hazrat tomonidan tarjima qilingan hadislarni o‘zbek tilida aytib, Vatan haqidagi she'rlar bilan yig‘ilganlarni xushnud etishdi.
Abdurrahmon Xurramov ona tilida Hazratimiz haqlarida she'rlar o‘qirkan, ko‘ziga yosh oldi. Uning orzusi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh kabi Allohning solih bandasi bo‘lish va shu bilan birga u kishining darajalariga yetmoqlik ekanini o‘rtoqlashdi.
Tadbir yakunida Shayx Hazratlarining Allohdan barcha musulmonlarni mag‘firat qilinishini, butun dunyoda tinchlik hukm surishini so‘rab O‘zbekiston tuprog‘ida qilgan duolarining tasvirli tasmasi namoyish etildi.

Mehmonga kelganlarni Shayx Hazratlarining qizlari Odinaxon Muhammad Yusuf kutilmagan sovg‘a bilan hayratga soldilar. Sovg‘a tariqasida o‘zbek o‘quvchi bolalarining Shayx Hazratlari davrasida qilgan chiqishlarining bugun tarixga aylangan tasvirli roligini taqdim etdilar.
So‘ng chiroyli duo bilan hadyalar ulashishdi.
Shundan keyin yig‘ilish mehmonlari hamda qatnashchilari o‘zbek milliy taomlari tortilgan dasturxonga taklif qilinishgan.
Mavzuga oid
14:12 / 19.04.2025
Ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtiriladi
08:10 / 17.09.2024
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi
13:48 / 17.05.2023
O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar alohida, birinchi va ikkinchi toifalarga bo‘linadi
12:38 / 11.04.2023