O‘zbekiston | 21:20 / 05.04.2017
6076
2 daqiqa o‘qiladi

«Rostex» O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etishda qatnashadi

Rossiyaning «Rostex» davlat korporatsiyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikda respublika mashinasozlik korxonalari ehtiyojlari uchun keng qamrovli mahsulotlar va asbob-uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etadi. Tomonlar, shuningdek,  avtomobilsozlik korxonalarining sanoat kooperatsiyasi doirasida, O‘zbekiston hududida havo qatnovini avtomatlashtirilgan holda boshqarish, gazturbinali va gaz qazib oluvchi uskunalarni yetkazib berish va ta'mirlash loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishni ko‘rib chiqmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga uyushtirgan davlat tashrifi chog‘ida shunday kelishuvlarga erishilgan. Mazkur tashrif doirasida «Rostex» bosh direktori Sergey Chemezov va O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashdi. 

Bundan tashqari, «Rostex» O‘zbekiston bilan hamkorlikning boshqa istiqbolli yo‘nalishlarida ham ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Xususan, O‘zbekiston temir yo‘llari ehtiyojlari uchun Uralvagonzavodning 1520 mmdagi g‘ildiraklar juftligining o‘qlarini hamda butlovchi qismlarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Tog‘-kon sanoatida «Uzoq» mis koni negizida tog‘-kon majmuasini barpo qilish shular jumlasidan. 

«Rostex» — 2007 yilda tashkil etilgan Rossiya davlat korporatsiyasi bo‘lib, fuqarolik va harbiy ahamiyatga molik yuqori texnologiyali mahsulotlarni barpo qilish, ishlab chiqarish va eksport qilishga ixtisoslashgan. Uning tarkibiga 700dan ortiq tashkilot kiradi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid