21:50 / 05.04.2017
13182

Jizzaxda jinoiy guruh jazoga tortildi

Jizzax viloyati Zomin tumanida paychilikka asoslangan “Yangi chorvador” shirkat xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatadi. Afsuski, bu jamoaga rahbarlik qilganlar mulki uchun jon koyitib, uning rivojiga hissa qo‘shish o‘rniga shirkatning iqtisodini izdan chiqarishdan boshqa narsani o‘ylashmadi. Oqibatda xo‘jalikda katta miqdordagi talon-torojlikka yo‘l qo‘yildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Jumladan, mazkur xo‘jalikka 2013 yil 29 oktabridan 2016 yilning 16 iyuniga qadar raislik qilgan A'zamqul Jo‘rayev qonun doirasida ish yuritish, zimmasiga yuklatilgan vazifani sidqidildan bajarish o‘rniga mansab mavqeini suiiste'mol qildi. U shirkat xo‘jaligi bosh hisobchisi Ummatqul Jiyanmurodov bilan oldindan til biriktirib, qing‘ir ishga qo‘l urdi.

Shu maqsadda ular “Zarbdor elevator” AJ va unga qarashli “Dashtabod” DQKShdan tegishli asosda 75 mln. 526 ming so‘mlik 122 ming 300 kilogramm urug‘lik arpa mahsuloti olishdi. Ammo bu mahsulotni shirkat xo‘jaligiga qarashli yerga ekmasdan, hisobxonaga kirim ham qilmasdan, turli yo‘llar orqali sarflab yuborishdi.

Keyinchalik ikkovlon shirkat xo‘jaligiga “Bo‘ston olami” MChJdan turli davrlarda 87 ming 170 kilogramm shrot va sheluxa mahsulotlari olishdi. Bu safar ham mahsulotlar shirkat xo‘jaligining hisobxonasiga kirim qilinmay, sotib yuborildi. Shu tariqa yana 30 mln. 899 ming so‘mlik mol-mulk o‘zlashtirildi.

Shirkat xo‘jaligida bosh cho‘pon bo‘lib ishlagan Orziqul Jo‘rayev ham jinoiy guruhga a'zo bo‘ldi. Natijada bosh cho‘ponning javobgarligida bo‘lgan 11 mln. 44 ming so‘mlik 33 bosh mayda shoxli mollar kamomadiga yo‘l qo‘yildi. Jinoiy guruh tomonidan mollar turli yo‘llar bilan sotib yuborildi.

Sud hukmi bilan A'zamqul Jo‘rayev, Ummatqul Jiyanmurodov hamda Orziqul Jo‘rayevga tegishli jazo tayinlandi. Ular tomonidan xo‘jalikka yetkazilgan 117 mln. 506 ming so‘m miqdoridagi zarar qoplandi.

Mavzuga oid
Top