Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kreml ogohlantiradi. Suriya osmonida Rossiya va AQSh samolyotlari to‘qnashuvi ro‘y berishi mumkin
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildiki, Qo‘shma shtatlar Suriyadagi aviabazaga raketa zarbalari berish orqali bu hudud osmonida Rossiya hamda AQSh samolyotlari to‘qnashishi xavfini keskin oshirdi.
«Raketa zarbalari berilishi fonida aytish mumkinki — to‘qnashuvlar ro‘y berishi xavfi ortdi», — degan Peskov shu borada berilgan savolga javoban.
Bugun Rossiya va AQSh o‘rtasida Suriya bo‘ylab parvozlar xavfsizligi to‘g‘risidagi memorandum amaliyoti to‘xtatildi.
Mazkur hujjat Rossiya va AQSh aviatsiyasi o‘rtasida yuz berishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlarning oldini olishga qaratilgandi.
7 aprelga o‘tar kechasi AQSh Xoms provinsiyasidagi Suriya HHK aerodromiga zarba berdi. Pentagon ma'lumotlariga ko‘ra, aviabaza hududiga qarata 59 ta Tomahawk qanotli raketasi uchirilgan.
Raketa zarbasi 4 aprel kuni Suriyaning Idlib provinsiyasida kimyoviy quroldan foydalanilgani uchun javob bo‘ldi. AQSh rahbariyati taxmin etilayotgan kimyoviy hujum ushbu aerodromdan boshlangan, deb hisoblaydi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu hujum oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan, 7 kishi jarohatlangan va 7ta samolyot yo‘q qilindi.