Sport | 15:33 / 08.04.2017
15580
7 daqiqa o‘qiladi

Madrid derbisi, Der Klassiker va haftaning boshqa yorqin o‘yinlari haqida

Yevropa chempionlar ligasining eng muhim uchrashuvlari boshlanishidan oldingi uik-endda bir qator qiziqarli uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Madrid derbisi, nemis klassikosi shular jumlasidan. Tribuna.Uz hafta so‘nggida bo‘lib o‘tadigan eng qiziqarli uchrashuvlar anonsi bilan tanishtirib o‘tdi.

Real Madrid – Atletiko (8 aprel, 19:15, UzReport)

Madrid derbisi ikki jamoaning tig‘iz taqvimiga to‘g‘ri kelmoqda. Kelgusi haftada ikki jamoa ham Chempionlar ligasining chorak final uchrashuvlarida maydonga tushishi lozim. Ikki Madrid jamoasi ham chempionatda yaxshi formaga kirib olgan. «Atletiko» so‘nggi beshta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan. Jamoa faqat bir marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan. «Real» ham so‘nggi oltita uchrashuvda g‘alaba qozondi.

Ikkala jamoaning La-liga doirasidagi «Santyago Bernabeu» kechgan so‘nggi uch uchrashuvda faqat «Atletiko»ning qo‘li baland kelgan. «Real» o‘z uyida raqiblari ustidan 2012 yilning dekabridan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Ungacha «Atletiko» 13 yil davomida «Bernabeu»da g‘alaba qozona olmagandi.

«Real» tarkibida jarohati bois bu uchrashuvda Rafael Varan maydonga tusha olmaydi. Shuningdek Dani Karvaxalning ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. «Atletiko» tarkibida Kevin Gameyro mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsada, bu uchrashuvda uning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi.

Bavariya – Borussiya D (8 aprel, 21:30, Match! Futbol 3)

Nemischasiga aytgancha Der Klassiker haftani bezab berishi mumkin bo‘lgan o‘yinlardan biri edi. Albatta tarkiblardagi yo‘qotishlarni hisobga olmaganda bu uchrashuv hozirda ham nafaqat Germaniyada balki butun dunyo futboli muxlislarining e'tiborida bo‘lishi tayin.

Ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuvlarda nisbatan tenglik kuzatilayotgan bo‘lsada, butun boshli mavsumda dortmundliklar azaliy raqibiga qarshilik ko‘rsata olmayapti. Chempionatning birinchi davrasida Dortmundda bo‘lgan uchrashuvda «Borussiya» kichik hisobda g‘alaba qozongandi. O‘sha mag‘lubiyatdan keyin olti oy o‘tib, faqat o‘tgan turda Anchelotti shogirdlari «Hoffenhaym»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ikki jamoaning Myunxenda kechgan so‘nggi olti uchrashuvda «Bavariya» faqat ikkitasida g‘alaba qozonga. Bu ham so‘nggi ikki bundesliga uchrashuvlarida kuzatilgan. Ungacha jamoa o‘z uyidagi 4ta uchrashuvda «Borussiya»ni mag‘lub eta olmagan.

Der Klassiker afishasiga soya solib turgan birgina jihat bu YeChL haftasidan oldin jamoalardagi yo‘qotishlar bo‘lib qolmoqda. «Bavariya» «Real»ga qarshi o‘ta muhim uchrashuv oldidan Manuel Noyyer va Tomas Myullerni maydonga tushirib tavakkal qilmaslikka qaror qilgan. O‘yindan ikki oldingi mashg‘ulotlarda Robert Levandovski ham jarohat olgani haqida xabar tarqaldi. Biroq ko‘p o‘tmay futbolchining o‘zi hammasi joyida ekanini aytib bayonot berdi. «Borussiya» tarkibida esa yo‘qotishlar bundanda jiddiy. Marko Roys va Mario Gyottsening o‘yinda ishtirok eta olmasligi ancha oldin aniq bo‘lib ulgurgandi. Uchrashuvdan oldin esa bu futbolchilar safiga Erik Durm, Yulian Vaygl, Andre Shyurrle va Shinji Kagava ham qo‘shildi.

Latsio – Napoli (9 Aprel, 23:45, Match! Futbol 2)

Fevral oyidan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelayotgan «Latsio» yevrokuboklar uchun kurashda ancha ishonchli ko‘rinmoqda. Chempionlik uchun kurashdan chiqib ketgan «Napoli» esa YeChL yo‘llanmasini saqlab qolish uchun ham bu uchrashuvga jiddiy e'tibor qaratishi tayin.

Ikki jamoa o‘rtasidagi Rimda kechgan so‘nggi beshta uchrashuvdan buyon «Latsio» g‘alaba qozona olmayapti. O‘z navbatida A seriyada kechgan to‘rtta uchrashuvdan buyon «Napoli» Rimda mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Jamoalarning birinchi davradagi Neapoldagi kechgan uchrashuvida durang natija qayd etilgan.

«Latsio» tarkibida jarohati sabab Federiko Marketti uzoq vaqtdan buyon maydonga tusha olmayapti. Bu haftada darvozabon safiga Lukas Bigliya va Stefan De Vrey ham qo‘shildi. Ikki futbolchining bu uchrashuvda maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. «Napoli» tarkibida Lorentso Tonelli yanvardan buyon maydonga tushmayotganini hisobga olsak, aytarli birorta jiddiy yo‘qotish ko‘zga tashlanmayapti.

RB Leyptsig – Bayyer (8 aprel, 18:30, Match! Futbol 3)

Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan keyin «Leyptsig» so‘nggi ikki turni ishonchli o‘tkazdi va g‘alabalar evaziga 2-o‘rinni mustahkamlab oldi. Hozirda jamoa YeChLga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun oldingidek xotirjam bo‘la olmasa ham, so‘nggi ikki turda jamoa ko‘rsatgan o‘yin bunga ishonchni qaytardi. «Hoffenhaym» va «Borussiya» bilan sovrinli o‘rinlar uchun kechadigan kurashda «Bayyer»ni mag‘lubiyatga uchratishi shart bo‘ladi.

Ikki jamoa shu kunga qadar faqat bir marta duch kelishgan. Bundesliganing joriy mavsum birinchi davrasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Leyptsig» katta qiyinchiliklar evaziga bo‘lsada g‘alaba qozongandi — 2:3.

«Leyptsig» tarkibida Lukas Klostermanning uzoq vaqtdan buyon maydonga tusha olmayotganini aytmasa tarkib borasida boshqa hech qanday muammolar yo‘q. «Bayyer» tarkibida Lars Bender jarohati sabab 4 martdan buyon maydonga tusha olmayapti. Hoqon Chalxano‘g‘luning mavsum so‘nggiga qadar diskvalifikatsiya qilinishi jamoa uchun eng katta yo‘qotish bo‘lib turibdi.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid