Yevrokuboklarning muhim pallasi oldidan bo‘lib o‘tadigan navbatdagi tur o‘yinlarida ham bir qator qiziqarli bahslar o‘rin olgan. Angliyada «Liverpul» chempionlik poygasida qatnashmayotgan bo‘lsa-da, unga ta’sir qilishga urinib ko‘radi. Germaniyada esa ikkinchilar bahsi bizni kutib turgan bo‘lsa, Italiyada «Yuventus» top-4ga yaqinlashishga urinib ko‘radi. «Inter»ning kechagi durangidan so‘ng, endi turinliklarni YeChL yo‘llanmasi o‘rinlaridan 4 ochkolik farq ajratib turibdi, xolos.

MANCheSTeR YuNAYTeD – EVeRTON (8 aprel, 16:30)

Xuddi o‘tgan haftadagi kabi, bu safar ham Angliyada tur shimoliy-g‘arbiy derbi bilan boshlanadi. So‘nggi yillar natijasi e’tibori bilan olsak, endi Liverpul va Manchesterning «ikkinchi» jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Albatta, turnir nuqtayi nazaridan ham muhim to‘qnashuv: mezbonlar imkon qadar kuchli to‘rtlikdagi o‘rinni mustahkamlashga urinsa, «Everton» yana 8 jamoa bilan birga ligada jon saqlash uchun kurashmoqda. «Ko‘klar» 18-o‘rindagi jamoadan faqat to‘plar nisbati bo‘yicha oldinda turibdi, xolos.

«Yunayted» APL dagi qatorasiga 3 golsiz o‘yindan so‘ng, ancha tahlikali holatga tushib qolgandi va hatto vaqtincha bo‘lsa-da, kuchli to‘rtlikni tark etdi ham. Ammo qoldirilgan o‘yinda «Brentford» ustidan qozonilgan g‘alaba va qizig‘i, aynan «Everton»ning yordami bilan 4-o‘ringa qaytdi. «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda «Everton» so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi va hisobni tenglashtiruvchi golni «MYu» tarbiyalanuvchisi Maykl Kin urdi.

Har ikki jamoada ham yo‘qotishlar ko‘p. Kazemiro «Sauthempton» bilan o‘yindagi qizil kartochkasi uchun to‘rtinchi o‘yinini o‘tkazib yubormoqda. Jazo muddatini o‘taydigan futbolchi mehmonlar safida ham bor – Abdulay Dukure. U yuqorida tilga olingan «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgandi. Jarohat tufayli, Tansend va Vinagre ham «Old Trafford»da tusha olmaydi. Dominik Kalvert-Levin mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, ushbu uchrashuvda sheriklariga yordam berishi so‘roq ostida. «Yunayted» uchun quvonarli xabar shuki, Kristian Eriksen qaytdi va ten Hagning aytishicha, u maydonga tushishga tayyor. Murabbiy shuningdek, Lyuk Shou kichik jarohat tufayli o‘ynay olmasligini ma’lum qildi. Garnacho va Donni van de Bek kabi futbolchilar esa uzoq muddatga safdan chiqishgan.

Raqiblar shu mavsumning o‘zida ikki marta kuch sinashib ulgurgan. Liverpulda o‘tgan APL bahsida mehmonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edilar va o‘sha o‘yindagi Krishtianu Ronalduning goli uning APLdagi so‘nggisi o‘laroq tarixga kirdi. Yanvarda esa Angliya kubogi bahsida «Old Trafford»da o‘yin bo‘lgan va mezbonlar 3:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishgan. Ammo agar faqat APL doirasidagi o‘yinlarga to‘xtalsak, «Old Trafford»da «Everton» o‘zini yaxshi his qiladi – oxirgi uch o‘yin durang bilan yakunlangan.