O‘zbekiston | 03:36 / 08.04.2017
5702
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirlari hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi

2017 yil 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkentga MDH ishtirokchi davlatlar Tashqi siyosat idoralari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Belarus delegatsiyasiga boshchilik qilib kelgan Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey bilan uchrashdi. Bu haqda TIV rasmiy sayti ma'lum qildi. 

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan 2016 yil oktabrida Samarqandda oliy darajadagi O‘zbekiston-Belarus uchrashuvi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Tomonlar keyinchalik amalga oshirilgan oliy hukumat darajasidagi tashriflar almashinuvi hamda boshqa aloqalar ikki davlat rahbarlarining savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha bergan topshiriqlari bajarilishini amaliyotga o‘tkazish imkonini berganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Vazirlar MDH, BMT, YXHT va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar formatida o‘zaro hamkorlik holati va istiqbollari bo‘yicha ham fikr almashdi.

Uchrashuvda Belarus Respublikasi Elchisi Nikolay Klakevich ishtirok etdi.

Mavzuga oid