Iqtisodiyot | 19:50 / 08.04.2017
10963
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki Ukrainani tanqid qildi

Ukraina hukumatining Jahon banki moliyalashtirayotgan infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalari doirasidagi ishi oldinga juda sekin siljimoqda. Bu haqda Jahon bankining Ukraina, Belarus va Moldova bo‘yicha direktori Satu Kaxkonen ma'lum qildi. 

"Afsuski, barcha loyihalar ham istalgandek tez bormayapti. Muammo odatdagidek, samarasiz boshqaruvda. Samarasizlikning sababi esa ikkita bo‘lishi mumkin: yo mablag‘larning nooqilona ajratilishi, yoki tender jarayonlarini tashkillashtirish va o‘tkazishdagi muammolar. Loyihalarning amalga oshirilishiga javobgar bo‘lgan vazirliklar, afsuski, juda sekin va samarasiz ishlamoqda. U yoki bu ishlarning bajarilishi uchun shartnomalarning imzolanishi ancha cho‘zilmoqda va demak, loyihalarning amalga oshishi ushlanmoqda", deb aytgan Kaxkonen.

Kaxkonenning fikricha, Ukrainada hukumatning o‘zgarishi ham loyihalarning amalga oshirilishiga salbiy ta'sir qilgan. 

Kaxkonenning eslatishicha, joriy yilda Jahon banki "Naftogaz Ukrainy" kompaniyasiga Yevropadagi yetkazib beruvchilardan tabiiy gaz sotib olishi uchun 500 mln dollarlik kredit bergan. Shuningdek, may oyida 150 mln dollarlik kredit liniyasi muhokamaga qo‘yiladi. Bu mablag‘lar Ukrainadagi kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.  

Ukraina Jahon bankidan eng ko‘p kredit olgan 10 ta davlatdan biridir. Jahon banki, Xalqaro rekonstruksiya va taraqqiyot banki Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birga 2014-2016 yillarda Ukrainaga 6,5 mlrd dollar ajratgan.  

Mavzuga oid