11:36 / 12.04.2017
73296

Gaz ta'minotidagi xo‘jasizlik va boshboshdoqliklar: Nishonda yana Qo‘qon

«Kun.uz» saytida Qo‘qon shahridagi gaz ta'minoti ahvoli va uning ayanchli oqibatlari haqida shu yil mart oyining 22-sanasidan so‘ng ketma-ket noxush xabarlar va tahliliy materiallar yoritilgan edi.

Jumladan, «Qo‘qonda tashkilotlar mas'uliyatsizligi oqibatida ikki navqiron yigit majruh bo‘lib qoldi» sarlavhasi ostida «Qo‘qonshahargaz» tomonidan gaz bilan ta'minlanuvchi Dang‘ara tumani hududidagi Oydin ko‘chasi, 78-uyda 18 mart kuni ro‘y bergan gaz portlashidan so‘ng tanasi kuygan aka-ukalar haqida xabar berilgan edi.

Tibbiyot vakillarining sa'y-harakatlari, yaqinlarining iltijoyu duolariga qaramasdan, 25-mart kuni 20 yoshni to‘ldirgan Abu Bakr Sheraliyev tanasining qattiq kuyishi oqibatida hayot bilan vidolashdi.

Oradan ikki kun o‘tgach, 27 mart kuni Abu Bakrning 22 yoshli akasi Bilol Sheraliyev ham olamdan o‘tdi.

Fojiada qurbon bo‘lgan aka-uka Sheraliyevlar

Umuman, ushbu vaziyatni o‘rganish, Qo‘qon aholisining gaz ta'minoti qay ahvoldaligi haqida shaharliklar bilan suhbatlashganimizda, gaz ta'minoti boshqa kommunal xizmatlar kabi ayanchli ahvolda ekanligining guvohi bo‘ldik.

Fuqarolarning aytishlaricha, shaharda elektr energiyasi ham ko‘p o‘chadi. Gaz ta'minoti esa hovlilar va ko‘p qavatli uylarni deyarli qamrab olgan bo‘lsa ham, ishlar texnik tomondan ko‘ngildagidek emas.

Sovuq kunlarda quvurlardagi gazning bosimi hamma joyda ham kamayadi, bu tabiiy hol. Chunki ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta'minoti to‘liq ishdan chiqqan. Odamlar qishda gaz yoqib, jon saqlashadi. Ularni ham to‘g‘ri tushunmoq kerak. Buning oqibatida gaz sarfi ortib, uning hajmi kamayadi. 

Bu holatga qo‘qonliklar o‘ziga xos yechim topishgan. Ayrimlar gaz so‘rish uchun xonadoniga kichikroq nasos o‘rnatib olgani, bunday nasoslar bozorlarda ham sotilayotgani bugun hech kimga sir emas. Biroq Qo‘qonda bu ish kattaroq ko‘lamda amalga oshirilgan ekan: mahallalar aholisi o‘zaro pul tashlashib, gaz so‘rishga yirik kompressorlarni jalb qilishgan.

Kompressorlarki, quvurlardagi gaz bosimini haddan tashqari yuqori qilib beruvchi, ko‘proq avtomobillarga siqilgan, suyultirilgan gaz quyish shoxobchalarida foydalaniladigan matoh bo‘lib, undan foydalanish — xavfsizlik texnikasi talablariga mutlaqo javob bermaydigan tadbirning o‘zginasi.

Vaziyatga qarang: gaz yer ustidan, birinchi-ikkinchi qavat orasidagi sath balandligida quvurlardan tarqatilmoqda. Quvurlarga qo‘shimcha quvurlar payvand qilinib, ko‘p qavatli uyning tomiga olib chiqilgan. U yerda ochiq osmon ostida kompressor o‘rnatilgan. Kompressor orqali so‘rib olingan gaz bosimi oshirilib, qaytadan quvurlarga haydaladi.

Bunga quyidagi bir necha fotosuratlar orqali o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin.

«Qo‘qonshahargaz» mutasaddilari bu holga panja orasidan qarab, hattoki «o‘zlaring yo‘lini bilasizlar-ku, yo‘lini qilaveringlar» qabilida og‘zaki ruxsat ham berib qo‘yishgan, deyishadi qo‘qonliklar. Biror tekshirish reyd bo‘ladigan bo‘lsa, kompressorlar yechib olinib, ko‘zga ko‘rinmaydigan joyga olib qo‘yilar ekan. Tekshirish ketgach, ish yana avvalgidek davom etaveradi. Shunchaki, quvurlarga payvand qilinib, tomga olib chiqilgan qo‘shimcha quvurlardan maqsad nima ekanligini nahotki o‘sha tekshiruvchilar bilishmasa?! Menimcha, bilishadi.

Surbetlik shu darajaga yetganki, ayrim mahallalarda kompressor ko‘chaga o‘rnatilgan, ayrimlarida xonadonlardan birining ichiga yaxshilab «maskirovka» qilingan.

O‘z-o‘zidan savollar ketma-ketligi paydo bo‘ladi: o‘sha quvurlarni kesib tashlash mumkin-ku?! Gaz quvuriga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritgan «uchar»larni jarimaga tortish qo‘lidan kelmaydimi? Mahalla fuqarolari yig‘ini raislari aholi o‘rtasida tushuntirish olib borishi kerak emasmi?! Gaz nazoratchilari nima ish bilan mashg‘ul? Ishlatilgan gazning pulini yig‘ib olish uchungina tuzilmaganku, bu tashkilot? Gazning iste'molchiga to‘siqsiz yetib borishini nazorat qilish, uning xavfsizlik texnikasi talablariga javob berishini ham o‘z zimmasiga olishi kerak emasmi?

Video. Mahallalardagi hovlilarda foydalanilayotgan gaz tortuvchi kompressorlar

Ma'lumki, kompressorlar elektr energiyasi bilan ishlaydi. Shu kompressorlar ishlab turgani tufayli ayrim hududlarga gaz yetib bormaydi. Elektr energiyasi to‘satdan o‘chgan paytlarda, gaz o‘z oqimi bilan quvurlardan barcha joylarga teng tarqaladi. Buni qo‘qonliklar tasdiqlashmoqda. Ya'nikim, kompressorlar muammosi yo‘qotilsa, shaharda gaz taa'minoti keskin yaxshilanishi, shaharda chiroq uchgan paytlar bu bir necha bor o‘z isbotini topganini tasdiqlashmoqda. Lekin kimlardir ehtiyotsizlik qilib, gaz yo‘qligi uchun plitani o‘chirishni unutgan bo‘lsa, yoki qayerdadir sizib chiqish bo‘lsa, fojia yuz berishi uchun ideal holat yetishmaydimi?

Vaziyatning chigalligini qarang: qishda issiqlik ta'minoti yo‘qligi uchun gaz sarfi va elektr energiyasidan foydalanish ortadi, quvurlarda gaz kamaygach, aholi kompressorlar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lishadi, elektr energiyasi ta'minotiga yuk tushadi. So‘ngra u o‘chadi. Gazdan yetib bormayotgan xonadonlarga gaz sizib chiqish xavfi ko‘payadi. Qanaqadir, o‘ziga xos bomba! Ammo o‘sha bombaning «nachinka»si gaz bo‘lmoqda.

Yuqorida tilga olingan fojiada ham shunday vaziyat tufayli o‘sha norg‘ul yigitlar qurbon bo‘lganini ularning qarindoshlari saytimizga qilgan arz-dodlarida bildirib o‘tishgan edi.

Albatta, bu fojia zamirida gaz idorasi rahbarlarining loqaydligi, o‘zibo‘larchiligi, katta e'tiborsizligi yotadi. «Qo‘qonshahargaz» idorasi rahbari Ulug‘bek Tolipov yuqoridagi voqea yuzasidan o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan. Fojia yuz bergan xonadondan ko‘ngil so‘rash, ularga yordam berish haqida gapirmay qo‘yaqolay. Rahbarning ishdan bo‘shatilishi ularning ko‘ngliga taskin bera olmaydi, faqatgina qurbonlar hurmati shaharda gaz ta'minotini yaxshilash, me'yorga keltirish bilangina mutasaddi rahbarlar aybini yuvishi mumkin.

Qizig‘i, U.Tolipovdan oldin idorani uning otasi Baxtiyor Tolipov boshqargan. Ayni paytda bu shaxs «Qo‘qon-1912» futbol klubi raisi sifatida ishlamoqda. Qo‘qonliklarning istehzo bilan kulib aytishlaricha, o‘g‘li idoraga rais bo‘lsa ham, majlislarni uning otasi olib borgan paytlar ham bo‘lgan.

Ota-bolalarning ishlash vaqti mobaynida aholi bo‘yniga gazdan katta qarzlar ham ilib qo‘yilgan. Fuqarolardan biri kulgili vaziyatni ham esga oladi:

«Mening nomimga titanni gazga noqonuniy ulab olganim uchun dalolatnoma rasmiylashtirilib, katta miqdorda jarima qo‘llash haqida qaror chiqarilgan. Men uchastkamizdagi gazchi bilan idoraga borib, uyimda umuman suv isituvchi titandan foydalanmasligimni, borib bemalol tekshirib ko‘rishlarini, dalolatnoma mening ishtirokimsiz tuzilganini aytib, picha shovqin ko‘tardim. Gaz idorasi rahbari B.Tolipov chiqib kelib, nima gapligini so‘radi. Vaziyatni unga ham tushuntirganimdan so‘ng, xodimlariga «bu kishining jarimasini boshqa kishiga yozib qo‘yinglar», deb buyruq berdi. 

Bu nimadan dalolat? Shaharda ma'lum bir yirik summa jarimalar sifatida allaqachon taqsimlanib, shakllantirilib bo‘lingan. Faqat o‘z haqini talab qilolmaydigan sho‘rpeshonalarga bosiladi. O‘ylaysizki, ota-bola Tolipovlar ishdan ketganidan so‘ng o‘sha jarimalar bekor bo‘ldimi? Yo‘q, bu yangi rahbarlarga «meros qilib qoldirib ketildi».

Alam qiladigani, mana shunday rahbarlarning noqonuniy xatti-harakatlariga hechqursa boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun ham huquq-tartibot organlari tomonidan yetarli chora ko‘rilmayotgani. Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolib ketmoqda.

Albatta, o‘lgan insonni qaytarib bo‘lmaydi. Lekin bu fojiadan barcha birdek tegishli xulosa chiqarish kerak. «Qo‘qonshahargaz»ning yangi rahbariyati o‘z oldiga shahardagi gaz ta'minotidagi o‘zibilarchilik, boshboshdoqlikni yo‘q qilish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganib, ishni puxta tashkil qilib, aholiga gazni o‘z vaqtida, yetarli miqdorda, mutlaqo xavfsiz shaklda yetkazishni o‘zining bosh dasturamali qilib olmog‘i kerak. 

Biz vaziyatni faqat Qo‘qon shahri misolida ko‘rib chiqdik. Boshqa hududlar ham vaziyat va voqealardan tegishli xulosa chiqarib, o‘z ishlarini tartibga solib olishlarini ham istar edik. 

Shuhrat Shokirjonov

P.S. Sayt O‘zbekistonda gaz ta'minoti tizimini yanada takomillashtirish borasida alohida tahliliy chiqish qilishni rejalashtirgan. Saytni kuzatishda davom eting.

 

Top