Jahon | 18:49 / 15.04.2017
47586
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp nima uchun Kim Chen Inni mag‘lub eta olmasligi tushuntirib berildi

AQShda o‘z raqiblariga, jumladan Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga yetarlicha baho bera olishmayapti. U Amerika prezidenti Donald Trampning oldida qator ustunliklarga ega, deb yozadi World Policy Institute xodimi Jonatan Kristol CNN uchun maqolasida.

Muallifning fikricha, Qo‘shma Shtatlar ko‘p hollarda “raqiblarini aqldan ozgan, irratsional va tentak” deb xato o‘ylashadi. Amerikaliklar “istalgan millat Vashington ulardan xohlayotgan narsani xursandchilik bilan qabul qilishini” kutadi. Biroq, boshqa davlat rahbari o‘zgacha xatti-harakatlarni amalga oshirsa, AQSh “o‘zining tushunmayotgan narsasini bu siyosatchining fikrlashidagi kamchiliklar bilan berkitadi”, deya fikr bildirgan Kristol.

Shimoliy koreyaliklar yetakchisi tentak ham emas, aqldan ham ozmagan, deya davom etadi tahlilchi. Kim Chen Inni qator “dahshatli” harakatlarda ayblash mumkin, biroq ular “hukumatni birlashtirish jarayonining bir qismi” bo‘lib, KXDRdagi siyosiy tizim normalariga mos keladi, deya ta'kidlaydi muallif.

Kristolning fikricha, Tramp esa aksincha, har doim ham tushunarli qarorlarni qabul qilmaydi. “Rejimni saqlab qolish”ga bor e'tiborini qaratgan Kim Chen Indan farqli ravishda Trampda “to‘rt yoshli boladek fikrlash” bor. KXDR yetakchisi esa Amerika prezidentiga qaraganda “xalqaro arenada ancha zehni o‘tkir o‘yinchi” bo‘lib chiqishi mumkin, deya ta'kidlagan Kristol.

Maqola muallifining fikricha, Trampning shaxsiy muzokaralarda Kim Chen Inni yadro qurolidan voz kechishga ishontirishi borasidagi gap-so‘zlar xato bo‘lib chiqishi mumkin. "Tramp Kim Chen Inni aldab o‘tishiga ishonish qiyin", - deya yozadi Kristol.

U mintaqada vaziyat keskinlashgan bo‘lsa-da, Shimoliy Koreya muammosini hal qilish bo‘yicha aniq va adekvat qaror yo‘q, degan fikrni ilgari surgan. Harbiy yo‘l juda katta ziyon keltirishi mumkin, “ogohlantiruvchi zarba” berish imkoniyati esa 2006 yilning oktabrida, Shimoliy Koreyada birinchi yadro sinovlari o‘tkazilganda qo‘ldan boy berilgan. KXDR bilan muzokaralarni esa "mintaqani, mamlakatni, kishilarni va muammolarni yaxshi tushunadigan juda aqlli muzokarachi olib borishi kerak".

Koreya yarim orolidagi vaziyat hattoki Trampsiz ham ancha keskin va kutilmagan o‘zgarishlarga olib keladigan holatda turibdi. Deyarli hech narsa qila olmaydigan Tramp bilan esa ishlar “yanada ayanchli” tus olishi mumkin, deya xulosa qilgan Kristol.

Mavzuga oid