Jamiyat | 19:09 / 16.04.2017
46215
3 daqiqa o‘qiladi

Nigeriyadagi bo‘m-bo‘sh uydan 43 million dollardan ziyod pul topildi

Nigeriyada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus bo‘lim tomonidan o‘tkazilgan operatsiya davomida 43 million dollardan ziyod pul topildi. Shunisi qiziqki, pullar topilgan uyda rasman hech kim yashamagan, noqonuniy pullarni aniqlashga anonim axborotchi yordam bergan.

Nigeriya federal kengashining Iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha komissiyasi (EFCC) Lagos shahrining Osborn-Tauers tumanidagi uylardan biridagi shubhali faoliyat haqida xabar topadi. 

Anonim manbaning xabar berishicha, kvartiraga qo‘llarida sumkalar bo‘lgan odamlar kirib-chiqib yurishgan, qiziqish bildirganlarga sumkalar ichida kiyimlar joylangani aytilgan. Turar-joy qo‘riqchilarining ma'lum qilishicha, bu inshootdan uzoq vaqt davomida hech kim foydalanmagan, unga faqat vaqti-vaqti bilan "kir kiyim kiygan oriq ayol" kelib-ketib turgan.

Suddan ruxsat olgan xavfsizlik kuchlari yettinchi qavatdagi to‘rt xonali uyning eshigini buzib kirishgan. Unda olov o‘tkazmaydigan uch shkaf bo‘lgan, ularning ichidan esa tartib bilan joylangan valyutalar topilgan. Huquq-tartibot organlari umumiy hisobda 43 million dollar, 27 ming funt sterling va 23 milliondan ortiq Nigeriya nayrini olib ketishgan.

Nigeriya hukumati 2016 yilning dekabrida korrupsiya bilan kurashish kampaniyasi doirasida anonim axborot berishga doir maxsus dasturning boshlanishi haqida e'lon qilgandi. Dastur fuqarolarning gumonlari haqida himoyalangan internet-portal orqali xabar berishini rag‘batlantiradi. 

Sayt ma'lumotlariga ko‘ra, axborotchi moliyaviy jinoyatning oldini olishga yordam bersa, musodara qilingan pullarning 2,5-5 foizi bilan mukofotlanish huquqiga ega bo‘ladi. 

Shunday qilib, Lagosdagi uydan topilgan pullarning noqonuniy kelib chiqishga ega ekani isbotlansa, anonim axborotchi taxminan 2 million dollarga da'vogarlik qilishi mumkin.  Hozirda tergov ishlari davom etmoqda. 

2017 yilning fevralida Nigeriya axborot vaziri Lay Muhammad yangi dastur 160 million dollarni aniqlashga yordam berganini ma'lum qilgandi. 

 

 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid