Jahon | 10:32 / 17.04.2017
20597
9 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi referendum: Yakunlar va kutilayotgan o‘zgarishlar

Turkiyada boshqaruvning prezidentlik shakliga o‘tish bo‘yicha konstitutsiyaviy referendum uning tarafdorlari g‘alabasi bilan yakunlandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ular 51,2 foiz ovoz olishgan, bu esa konstitutsiyaviy islohotga qarshi bo‘lganlardan 1,25 millionga ko‘p degani.

Turkiya fuqarolari nimalar uchun ovoz berishdi?

Prezidentlik tizimiga o‘tish bo‘yicha konstitutsiyaviy o‘zgarishlar avvalroq Turkiya parlamenti tomonidan ma'qullandi va mamlakat prezidenti Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan imzolandi.

Turkiya konstitutsiyasining 18 moddasiga kiritiladigan o‘zgarishlar to‘plamida prezident davlat tizimi rahbari bo‘lishi, unga vitse-prezidentlar, vazirlar va yuqori mansabli amaldorlarni tayinlash bo‘yicha vakolatlar berilishi nazarda tutilgan. Bosh vazir lavozimi bekor qilinadi. Vazirliklar tuzilmasi va ularni tashkil etish, yopish, vakolatlar berish hamda majburiyatlari prezident farmonlari bilan belgilanadi. Favqulodda holat rejimini e'lon qilish huquqi prezidentga beriladi, parlament esa davlat rahbarining FH rejimi bo‘yicha qarorini tasdiqlaydi. Davlat rahbari qonuniy kuchga ega bo‘lgan boshqa farmonlarni ham chiqarishi mumkin, ular parlament tasdig‘isiz kuchga kiradi, biroq keyinchalik qonun chiqaruvchilar uni rad etishsa, bekor qilinishi mumkin.

Prezident o‘z siyosiy partiyasi safidan chiqishi mumkin emas. Parlamentdagi deputatlar soni esa oshiriladi – 550 nafardan 600 nafargacha. Nomzodlar uchun lavozimlarga saylanishda yosh cheklovi 25 dan 18ga tushiriladi. Takroriy saylovlar o‘tkazish haqidagi qarorni parlament ham, prezident ham qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Qonun chiqaruvchi va ijrochi hokimiyat idoralariga saylovlar bir kunda o‘tkaziladi. Parlament va prezident besh yilga saylanadi, shu bilan birga, davlat rahbari o‘z lavozimini ketma-ket ikki muddatdan ortiq egallashi mumkin emas. Prezident parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega bo‘ladi, biroq o‘zi ham bu holda qayta saylanishi lozim.

Navbatdagi prezident va parlament saylovlari bir kunda – 2019 yilning 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi, shundan so‘ng prezidentlik tizimi tartibi bandlari kuchga kiradi.

Erdo‘g‘an va uning tarafdorlarining tushuntirishicha, o‘zgarishlar davlat duch kelayotgan chaqiriqlar, xususan, terrorchilik tahdidi, tezkor boshqaruv qarorlari qabul qilish lozimligi tufayli qabul qilinmoqda. Muxolifatning fikricha, Erdo‘g‘an tarafdorlarining g‘alabasi, uning hokimiyatni nazoratsiz ravishda mustahkamlashiga hamda mamlakatda prezident sifatida 2029 yilga qadar qolishiga olib keladi.

Ovoz berish qanday o‘tdi

167 140ta saylov uchastkasida 55,3 million turk fuqarosi ovoz berish imkoni ega bo‘ldi. Bundan tashqari, qamoqxonalarda 461ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Turkiyaning xorijda yashovchi fuqarolari esa muddatdan avval ovoz berishdi. Saylov uchastkalarini qo‘riqlash uchun 380 ming politsiyachi jalb etildi.

Ovoz berish jarayoni Toshkent vaqti bilan soat 10.00da boshlanib, soat 19.00ga qadar davom etdi. Jiddiy hodisalar qayd etilmadi, faqatgina Diyorbakir viloyatida saylov uchastkalaridan birining yonida ro‘y bergan otishma natijasida ikki kishi halok bo‘ldi.

Erdo‘g‘anning o‘zi Istanbulda, bosh vazir Binoli Yildirim – Izmirda ovoz berdi. 

Saylovchilarga saylov kitobi to‘ldirilganidan so‘ng davlat muhri bo‘lgan sariq konvert, shuningdek ikkita qatorga ega qog‘oz topshirildi – u yerda “ha” (evet) va "yo‘q" (hayır) so‘zlari yozilgandi. Har bir ovoz beruvchiga “nimani afzal bilasiz” (tercih) yozuvli muhr berildi. Uni yopiq kabinkada tanlangan javob ustiga bosish talab etildi.

Ovoz berish yakunlari

Ovoz berishning ilk yakunlari saylov uchastkalari yopilganidan bir soatcha o‘tib paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, 24 foiz ko‘rib chiqilgan byulletenlarda prezidentlik tizimi tarafdorlari yaqqol ustunlik qilayotgani ma'lum bo‘lgan, biroq keyinchalik oradagi farq asta-sekin pasayib bordi. 

"Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, “ha” deb ovoz berganlar “yo‘q”larga qaraganda 1,25 milliondan ko‘proqni tashkil etadi. Demak, “ha” javobi g‘olib chiqdi. Yakuniy natijalar 11-12 kundan so‘ng sarhisob qilinadi", - deya aytib o‘tgan Turkiya Oliy saylov kengashi rahbari Sadi Guven.

Ma'lumotlarga qaraganda, prezidentlik tizimiga o‘tish tarafdorlari Turkiyaning 81 viloyatidan 48tasida g‘olib chiqishgan. Asosan kurdlar yashovchi janubi-sharqiy viloyatlar (Diyorbakir, Van, Agri, Mardin), shuningdek Turkiyaning Yevropadagi qismida, xususan Istanbulda yashovchi fuqarolar bu o‘zgarishlarga qarshi chiqishdi. Referendumda davomat 87,2 foizni tashkil etdi.

Hukumat va muxolifat reaksiyasi

Erdo‘g‘anning ma'lum qilishicha, Turkiya fuqarolari tomonidan prezidentlik tizimiga o‘tish borasida qabul qilingan qaror tarixiy hamda u mamlakat tarixidagi eng muhim islohot hisoblanadi.

"Referendum natijalari mamlakatimizga foyda olib kelishi kerak. Ovoz berish xalq o‘z mamlakatini, o‘z kelajagini qanday himoya qilayotganidan darak beradi. Bu kunda Turkiya boshqaruv tizimiga oid tarixiy qaror qabul qilindi. Biz xalq tanlovi yordamida tariximizdagi eng muhim boshqaruv islohotini amalga oshirdik", - deya aytib o‘tdi Erdo‘g‘an Anqarada jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan.

"Biz mamlakat tarixida ilk bora boshqaruv tizimini o‘zgartirmoqdamiz. Barcha bahslar ortda qoldi. Biz xalq qarorini hurmat qilishga chaqiramiz", - deya qo‘shimcha qilib o‘tgan Turkiya rahbari.

Eng yirik ikkita muxolif partiya – so‘l-markaz Respublika xalq partiyasi (RXP) va kurdlar tarafdori bo‘lgan Xalqlar demokratiyasi partiyasi referendum yakunlaridan noroziligini bildirishdi.

RXP rahbari Kamol Qilichdoro‘g‘li ovoz berish jarayonida muhrsiz byulletenlarni haqiqiy deb topishga ruxsat bergan Oliy saylov kengashini tanqid qildi. “Uchrashuv davomida qoidalarni o‘zgartirib bo‘lmaydi, qonunga ko‘ra byulletenlar haqiqiy emas. Biz xalq qarorini hurmat qilamiz, biroq Oliy saylov kengashi qarori unga soya tashladi. Istalgan idora o‘zini qonunda belgilangandek tutishi lozim. Oliy saylov kengashi qarori referendum natijalari bahsli bo‘lishiga olib keldi", - deya aytib o‘tdi Qilichdoro‘g‘li jurnalistlarga.

"Turkiya muxolifati konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha sudga murojaat qilish niyatida", deb ma'lum qildi Respublika xalq partiyasi raisi o‘rinbosari Erdal Aksunger. "Bizda 37 foiz saylov uchastkasi bo‘yicha e'tirozlar bor, biroq muammoli uchastkalar soni 60 foizga qadar ham oshishi mumkin", - deya ma'lum qildi u jurnalistlarga. 

Xalqlar demokratiyasi partiyasi ham referendum yakunlariga shubha bilan qarashini bildirdi. Bu haqda partiya matbuot kotibi Usmon Baydemir ma'lum qildi. “Bizning e'tirozlarimiz qabul qilinmagunga qadar, referendum natijalari shubha ostida bo‘ladi va yakuniy emas, deya hisoblanadi”, - deya yozdi Baydemir Twitter’da.

Turkiya va YeI munosabatlari qanday bo‘ladi?

Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker, Yevropa ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini hamda qo‘shnichilik va kengayish siyosati bo‘yicha yevrokomissar Yoxannes Xan Turkiya rahbariyatini konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni hayotga tatbiq etishda aholi o‘rtasida “maksimal kelishuv”ga erishishga chaqirdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuv missiyasining xulosalarini kutishmoqda.

Xullas, referendum turk jamiyati ikkiga bo‘linganini ko‘rsatib berdi – Erdo‘g‘an tarafdorlari va unga qarshilar. Bu esa mitingli faollikning o‘sishi va muxolifat noroziligi tufayli tartibsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Istanbuldagi Taqsim maydoni ham referendumdan so‘ng tartibsizliklar kelib chiqmasligi uchun yopib qo‘yilgani ham bejiz emas.

Erdo‘g‘an referendumdagi g‘alabadan so‘ng yana ikkita referendum o‘tkazishga va'da berdi – YeIga kirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish hamda o‘lim jazosini qaytarish bo‘yicha (bu Turkiyaning Yevropa ittifoqiga a'zo bo‘lish ehtimolini yo‘qqa chiqaradi). Turkiya yetakchisi bu yerda ham o‘z so‘zining ustidan chiqadimi yoki Anqara va Bryusselning yomonlashgan munosabatlarini yaxshilaydimi – buni vaqt ko‘rsatadi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid