Jahon | 09:37 / 20.04.2017
8911
2 daqiqa o‘qiladi

Albaniyada prezidentni saylay olishmadi, sababi nomzodlarning o‘zi yo‘q

Foto: Fotolia / ollirg

Albaniya parlamenti prezidentni saylay olmadi, sababi bosh vazir Edi Rama boshchiligidagi hukmron partiya ovoz berishning birinchi raundida nomzodlar qo‘ymaslik haqida qaror qabul qildi. Bu haqda Frans Press xabar bermoqda.

"Biz muxolifat bilan yangi prezidentni saylash bo‘yicha muloqot qilish niyatida ekanimizni ko‘rsatib qo‘yish maqsadida nomzodlarni taklif qilmadik. Bu Albaniyadagi barcha siyosiy kuchlar bilan kelishuvga kelishga yordam berishi lozim edi", - deya ma'lum qildi parlament raisi Ilir Meta.

Agentlikning ta'kidlashicha, mamlakat prezidenti lavozimini egallamoqchi bo‘lgan nomzodni 140 deputatdan kamida 84 nafari qo‘llab-quvvatlashi kerak. Agarda besh raunddan so‘ng ham prezident saylanmasa, parlament tarqatib yuboriladi.

Albaniya muxolifati esa parlamentni fevral oyi o‘rtalaridan boykot qilmoqda, ular erkin va halol saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘tish hukumatini chaqirishni talab etmoqda, deb xabar berdi agentlik.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid