Jahon | 20:27 / 21.04.2017
17320
2 daqiqa o‘qiladi

Akbarjon Jalilov Rossiya fuqaroligidan mahrum etildi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Sankt-Peterburg metrosidagi terakt ijrochiligida gumon qilinayotgan kelib chiqishiga ko‘ra qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilovni fuqarolikdan mahrum etdi. Bu haqda TASS agentligi Rossiya IIVning rasmiy vakili Irina Volkka asoslani xabar bergan.

Irina Volkning ma'lum qilishicha, Sankt-Peterburg Smolninsk tuman sudi Akbarjon Jalilovning otasi Rossiya fuqaroligiga kirish paytida yolg‘on ma'lumotlar taqdim etganini aniqlagan.

Shunday qilib, Akram Jalilovga fuqarolik taqdim etilishi to‘g‘risidagi qarorning bekor qilinishi avtomatik tarzda uning o‘g‘li Akbarjonni ham fuqarolikdan mahrum qilishga asos bo‘lgan.

3 aprel kuni Peterburg metrosida «Sennaya ploshchad» va «Texnologicheskiy institut» bekatlari o‘rtasida portlash ro‘y berdi. Vagonda 300–500 g trotilli ekvivalentdagi portlovchi qurilma harakatga kelgan. Portlash qurbonlari soni 16 nafarni tashkil qilgan.

Bu ish bo‘yicha olib borilgan tekshiruv ishlari davomida 10 kishi hibsga olingan. Asli qirg‘izistonlik bo‘lgan Abror Azimov va uning akasi Akram Azimov ushbu terakt tashkilotchilari sifatida ayblanmoqda.

FSB ma'lumotiga ko‘ra, Akram Azimov Turkiyadagi terrorchi guruh yuborgan pullarni terakt tashkillashtirish uchun yetkazib bergan. Uning o‘zi terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanganini inkor etmoqda.

Mavzuga oid