20:10 / 25.04.2017
28007

Toshkentda keskin tanqid qilingan tatu-festival o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Uni o‘tkazmoqchi bo‘lgan klubga nazorat guruhi bordi

Jamoatchilik nazorati guruhi Toshkent shahar Yunusobod-11 mavzesida joylashgan “LIKE BAR” yoshlar hordiq chiqarish klubiga jamoaviy tashrif uyushtirdi. Bu haqda Kun.uz’ga Ma'naviyat targ‘ibot markazi Toshkent shahar bo‘limi xabar berdi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari F.Abdurahimova topshirig‘i ijrosi yuzasidan 2017 yil 24 aprel kuni Toshkent shahar prokuraturasi bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Boymetov, Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi podpolkovnik Otabek Sharipov, shahar Davlat Soliq bosh boshqarmasi qisqa muddatli tekshiruvlarni tashkil qilish bo‘limi katta inspektori Vladimir Yusupov, shahar Davlat Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori birinchi o‘rinbosari Bekzod Adilov, O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent shahar kengashi raisi Axror Maksudov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi Akmal Jumaboyev hamda Toshkent shahar Ma'naviyat va ma'rifat kengashi mas'ul kotibi Baxodir Xaitmatov rahbarligida Toshkent shahar Yunusobod-11 mavzesida joylashgan “LIKE BAR” deb nomlangan yoshlar hordiq chiqarish klubiga jamoaviy tashrif uyushtirildi.

“Witty Trade” mas'uliyati cheklangan jamiyati ko‘rinishida  ro‘yxatdan o‘tkazilgan “LIKE BAR” yoshlar klubi uzoq yillar davomida Yunusobod tumani Yunusobod-11 mavzesi “Mega Planet” yirik savdo majmuasi yonida faoliyat ko‘rsatib keladi.

“Like Bar” ichki ko‘rinishi, xususan, klubda joylashtirilgan fotolavhalar va reklama materiallari yoshlar tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 

“Like Bar”dagi fotolavhalar va syujyetlar axloqsizlik hamda buzuqlikni targ‘ib  qiladi, shuningdek mebel jihozlari tanlab olinishi, zinapoyalar dizayni, alkogol mahsulotlar savdosi shoxobchasi ko‘rinishi, qolaversa, devor aksessuarlari har qaysi insonni yengil-yelpi hayot kechirishga da'vat qiladi.

“Witty Trade” mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori Tamara Kapriyanova hamda ta'sis etuvchisi Aleksandr Mirenskiy bilan mijozlarga xizmat ko‘rsatish zalida suhbat uyushtirildi. Bunda ming afsuski, ba'zi yoshlar hanuzgacha salbiy illatlarga  berilayotgani, ota-onasi va yoshi kattalarni behurmat qilayotgani, o‘zi uchun yashayotgani, yon-atrofidagilar, mahallasiga, o‘qituvchi va murabbiylarga, yaqinlariga yordam bermayotgani, mantiqsiz va maqsadsiz hayot kechirayotgani xususida, shunday “adashgan” yoshlarni jamiyatga qaytarish, ular hayotiga ma'no-mazmun bag‘ishlash, yosh avlodni barkamol insonlar etib o‘stirish yo‘lida tashkil etilayotgan xayrli ishlarga bolta urayotgan, yoshlar ongiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan omillar  xususida “Like Bar” rahbarlariga tushuncha berildi, savollariga javob qaytarildi.  

“Witty Trade” MChJ bosh direktori Tamara Kapriyanova hamda ta'sis etuvchisi Aleksandr Mirenskiy bilan tashkil etilgan suhbat davomida ularning tashabbusi bilan shu kunlarda o‘tkazish rejalashtirilgan hamda Internet tarmog‘i orqali e'lon qilingan “TATU Festivali”ni darhol to‘xtatish zarurligi, ushbu tadbir o‘z mohiyatiga ko‘ra yoshlar ongiga, tarbiyasi va xulqiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani xususida ham tushuntirishlar berildi.

Suhbat natijasida “LIKE BAR” klubi rahbarlari T.Kapriyanova va A.Mirenskiy tatuirovka festvalini to‘xtayotgani, bunday nomaqbul tadbirlarni boshqa o‘tkazmasligi, har qaysi ommaviy tadbirni Toshkent shahar hokimligi bilan maslahatlashib, so‘ng o‘tkazishi, Internet tarmog‘ida joylashtirilgan e'lonlarni qaytarib olishi to‘g‘risida so‘z berdi, bundan tashqari, klub ichki va tashqi reklama vositalarini  boshqatdan ko‘rib  chiqib, ularni ezgu g‘oyalar bilan boyitishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz nashri 2017 yilning 17 aprel kuni ham bu tadbir haqida alohida maqola e'lon qilgandi. “Chizgilar ortidagi yovuzlik” yoki Toshkentda tatu-festival kimga kerak?” sarlavhali maqolada Sharq sivilizatsiyasining gultoji sanalmish o‘zbek madaniyatiga yot bo‘lgan bunday holatlarni festival darajasida o‘tkazilishi keskin qoralandi.

Ma'lumot uchun, nazorat guruhining yuqoridagi tashrifi davomida “Like Bar”ning ichki ko‘rinishi tasvirlangan qator fotosuratlar olindi. Biroq tahririyat ushbu fotosuratlar o‘zbek madaniyatiga zidligi sabab, ularni e'lon qilmaslikni lozim topdi.

Top