Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Harakatlar strategiyasining O‘zbekistonda Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishdagi ahamiyati
2017 yil 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi. Ushbu Strategiya davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishni, qonun ustuvorligini ta'minlashni va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni, iqtisodiyotni rivojlantirishni hamda erkinlashtirishni, ijtimoiy sohani rivojlantirishni, xavfsizlikni, millatlararo totuvlikni va diniy bag‘rikenglikni ta'minlashni nazarda tutadi.
Harakatlar strategiyasi va uning ustuvor yo‘nalishlari O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichi uchun muhim ahamiyatga ega, BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil sentabrda bo‘lib o‘tgan majlisida BMTga a'zo davlatlar tomonidan qabul qilingan Barqaror taraqqiyot maqsadlarida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq keladi.
2017 yil 27 aprel kuni “Radisson Blu” mehmonxonasida “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining O‘zbekistonda 2030 yilga qadar Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishdagi ahamiyati” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbati ushbu masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirliklar va idoralar, BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi agentliklari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek olimlar, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda ta'kidlanganidek, davlat qurilishini va sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash bo‘yicha eng dolzarb vazifalarni o‘z ichiga olgan Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz va jamiyatimizning maqsadli barqaror rivojlanishini rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi yaqin besh yillikka mo‘ljallangan islohotlarning debochasiga aylandi. Davlat va jamiyatni rivojlantirish strategik istiqbollarining yangicha ko‘rinishini o‘zida ifodalovchi Strategiya Barqaror taraqqiyot maqsadlariga ham uzviy bog‘liq bo‘lib, milliy darajada ularga erishishga bevosita o‘z hissasini qo‘shadi.
So‘zga chiquvchilar Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan dasturiy tadbirlar O‘zbekistonda BMT tomonidan qabul qilingan 17 ta barqaror taraqqiyot maqsadiga har tomonlama erishishda ko‘maklashishini qayd etdilar.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan qatnashchilar Barqaror taraqqiyotning global maqsadlari qabul qilingan vaqtdan boshlab O‘zbekiston Hukumati milliy darajada global maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga g‘oyat sodiqligini namoyon etganligiga e'tiborni tortdilar. 2016 yil fevralda Hukumat Barqaror taraqqiyotning global maqsadlarini mamlakatimiz shart-sharoitlari va ustuvorliklariga moslashtirishga kirishdi.
Muhokama chog‘ida ta'kidlanganidek, Harakatlar strategiyasida davlat qurilishini isloh qilish sohasida nazarda tutilgan eng muhim vazifalardan biri demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlisning rolini yanada kuchaytirishdan iborat. Parlament qonun ijodkorligi, davlat byudjyetini shakllantirish va parlament nazoratini amalga oshirish sohasidagi o‘z funksiyalarini bajargan holda Barqaror taraqqiyot maqsadlari kun tartibini ilgari surishda va uning muvaffaqiyatini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Shu munosabat bilan tadbirda so‘zga chiqqanlar Barqaror taraqqiyotning milliy maqsadlarini tarmoq va mintaqaviy rivojlanish dasturlariga, harakatlar rejalariga va byudjyetlarga singdirishning muhimligini, shuningdek Harakatlar strategiyasi doirasida ijro etuvchi hokimiyatning barcha darajalarida fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida o‘lchanadigan, xalqaro taqqoslanadigan va natijaga yo‘naltirilgan ko‘rsatkichlardan foydalangan holda monitoring o‘tkazish tizimini kuchaytirish zarurligini ta'kidladilar. Bundan tashqari, aholining zaif guruhlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni jadallashtirish zarurligi ham ta'kidlandi.
Ekologik barqarorlikni ta'minlash va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida Barqaror taraqqiyot milliy maqsadlarini muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Mavzuga oid
10:15 / 17.06.2026
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
23:44 / 13.06.2026
Turkiyada qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi ikki shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
12:12 / 09.06.2026
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
11:00 / 08.06.2026