23:21 / 28.04.2017
11249

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi rivojlanishiga 21,5 million yevro ajratmoqda

2017 yil 28 aprel kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi idorasida IT Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili, elchi Piter Burian ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Mazkur anjuman davomida elchi OAV xodimlariga 2017 yil 26-28 aprel kunlari Yevropa Ittifoqining rasmiy vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurgani haqida batafsil ma'lumot berdi. 

Tashrif doirasida Toshkent shahrida qator vazirliklar, boshqarmalar diplomatik korpus vakillari, nodavlat tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, Samarqand shahri mahalliy hokimiyat bilan uchrashuv tashkil etildi. Delegatsiya YeI moliyaviy ko‘magi ostida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar faoliyati bilan tanishib chiqdi.

Piter Burian rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashib, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining siyosiy, savdo iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorligi holati va rivojlantirish istiqbollari hamda ayrim mintaqaviy masalalar muhokama qilinganini ta'kidlab o‘tdi. 

Yevropa Ittifoqi vakillari O‘zbekiston bilan yaqinlashib kelayotgan haftada “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturi” loyihasini moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzolashni muhokama qilishdi. Mazkur bitim doirasida O‘zbekiston hukumatiga qishloq xo‘jaligi sohasida tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish, fermerlarga zarur texnologiyalar, axborotlarni yetkazib berish, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq holda Milliy oziq-ovqat dasturini olib kirish uchun 21 500 000 yevro miqdorida grant ajratadi. 

Shu tariqa, YeI O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligini modernizatsiya va diversifikatsiya qilishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Top