15:04 / 28.04.2017
6514

Fransiya finishga 10 kun qolganda: Makron – yetakchi, biroq Le Pen ham endi autsayder emas

Foto: RIA "Novosti"

Fransiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi arafasidagi jamoatchilik fikrini so‘rovdan o‘tkazish, mamlakat sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makronning g‘alabasiga ishora bermoqda. Biroq ba'zi ekspertlarning fikricha, yakuniy natijani oldindan aytib bo‘lmaydi: Marin Le Pen reytinggi o‘smoqda, saylovchilar esa hech narsa yozilmagan byulleten bilan ovoz berish varianti haqida o‘ylashmoqda.

Fransiyada turli ijtimoiy tadqiqot institutlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijasi Amerikadagi saylovlardan aniqroq bo‘lib chiqdi. O‘tgan yakshanbadagi saylovlar hech qanday syurpriz keltirmadi: Makron birinchi tur yakuni bo‘yicha 24,01 foiz ovoz to‘plagan bo‘lsa, “Milliy front” partiyasi yetakchisi Le Pen — 21,3 foiz.

Foto: RIA "Novosti"

Fransiyalik siyosatshunoslar prezident kursisi uchun kurash qanday ketayotgani va har bir nomzodni qanday istiqbol kutayotganini tushuntirishga urinishdi.

Fransiya siyosiy doiralari bir qadar tushunarsiz holatga tushishdi: birinchi turdan keyin Fransua Fiyon, Benua Amon va Jan-Lyuk Melanshonning prezident bo‘lishi ehtimoli deyarli yo‘qqa chiqdi, kimdir Makronga ovoz berishga chaqirmoqda, boshqasi – Le Penga qarshi, yana birovlar o‘z fikrini umuman bildirayotgani yo‘q.

Sobiq vazirga ovoz berish bo‘yicha chaqiriq “Milliy front” yetakchisiga qarshi ovoz berish bo‘yicha chaqiriqlarga o‘xshash emas. So‘nggi holatda ovoz beruvchilarda tanlov bor – bo‘sh byulleten orqali o‘z pozitsiyasini bildirish yoki umuman ishtirok etmaslik.

Sciences Po siyosiy tadqiqotlar Markazi eksperti Mariyett Sinoning fikricha, "Boshqa nomzodlarni qo‘llab-quvvatlaganlar ovozlari ikkinchi turda ikki nomzod o‘rtasida bo‘linib ketadi". Biroq unga ko‘ra, Le Penga bunday ovozlar kamroq beriladi.

"Parlamentdagi o‘nglar Makronga ovoz berish haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma olishmadi – ularni Le Penga ovoz bermaslikka chaqirishdi, shuning uchun Makron uchun ovoz berish, saylovga kelmaslik yoki bo‘sh byulleten bilan ovoz berish o‘rtasida ma'lum bir tanlov bor. Elektoratning bir qismi – parlamentdagi o‘nglarning bir qismi ham, parlamentdagi so‘llarning ma'lum birlari ham, Melanshon tarafdorlari ham – Le Pen uchun ovoz beradi", - deya aytib o‘tdi ekspert.

Shu bilan birga, Le Penda g‘alaba qozonish uchun kichik imkoniyat paydo bo‘lishiga “qandaydir mo‘'jiza” yuz berishi kerak, deya qayd etib o‘tgan agentlik suhbatdoshi. “So‘rovlar adashishi mumkinmi? Rostini aytsam, bunday deb o‘ylamayman. Saylovlarning birinchi turi qanday yakunlanishini taxmin qilish juda oddiy edi. Ayni damdagi baholar esa Emmanuel Makronning ustunligidan darak bermoqda”, - deya ta'kidlab o‘tgan siyosatshunos.

Biroq Sino boshqa bir masalani ko‘targan: Makron o‘zini qonuniy prezident, deb hisoblashi va yoniga parlamentdagi ko‘pchilikni yig‘ishga erishishi uchun yetarli bo‘ladigan ovozlar foizini oladimi.

Foto: RIA "Novosti"

Fransiyaning Panteon-Assas universiteti professori, siyosiy kommunikatsiya sohasidagi mutaxassis Arno Mersening ham ta'kidlashicha, birinchi turdagi ijtimoiy tadqiqotlar juda aniq bo‘lgan va ikkinchi turda mo‘'jizani kutish kerak emas. 

"Mening fikrimcha, mamlakat sobiq bosh vaziri Fransua Fiyonga ovoz berganlarning uchdan bir qismi va Jan-Lyuk Melanshon tarafdorlarining beshdan bir qismi Le Penga ovoz berishga tayyor. Biroq bu ham unga to‘siqdan oshib o‘tishga yetmaydi", - degan ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Le Penning ayni damdagi vazifasi, Fiyon va Melanshonning ko‘proq tarafdorlarini o‘ziga tortishdir. 

Fransiyalik siyosatchilar orasida Makronga ovoz berish kerak emasligi haqida ochiqdan-ochiq bayonot berayotganlar ham bor. Masalan, “Respublikachilar” partiyasi a'zosi Yanik Moroning fikricha, ikki nomzoddan birontasiga ham ovoz bermaslik lozim.

Foto: RIA "Novosti"

Moroning qayd etishicha, Makronni qo‘llab-quvvatlash “Fransua Ollandning falokatli boshqaruvi davom etishiga ovoz berish” bilan barobar ekan.

Shu bilan birga, OpinionWay kompaniyasiga ko‘ra, “Milliy front” yetakchisi Le Penning reytinggi dushanba kunidan ikki foiz punktiga o‘sgan – 39 foizdan 41 foizgacha.

Bu natija saylovlarning ikkinchi turida g‘alaba qozonish uchun hamon yetarli emas, biroq oradagi farq qisqarib borayotganidan dalolat beradi. Kun tartibidagi asosiy masala: Le Pen ko‘proq saylovchilarni o‘ziga jalb etishga ulguradimi.

Intriga uzoq davom etmaydi. Prezident saylovlarining ikkinchi turi 10 kundan so‘ng – 7 may, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Uning yakunlariga ko‘ra, yangi davlat rahbari nomi ma'lum bo‘ladi hamda u Fransiyani 2022 yilga qadar boshqaradi.

Top