16:46 / 28.04.2017
15140

O‘zbekistonda xitoy tilidagi telekanal ishga tushirilishi mumkin

Joriy yilning 26 aprel kuni Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Ravshan Usmonov va XXR Turizm ishlari bo‘yicha davlat boshqarmasi raisi o‘rinbosari Du Tszin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

R.Usmonov mamlakatda turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, ekologik turizm turlarini ko‘paytirish, sarguzasht, tog‘ turizmini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida aytib o‘tdi. 
  
Du Tszin O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuksak baholab, O‘zbekiston Davlat turizmni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyatining Xitoy turistik ma'muriyati va turoperatorlari bilan muzokaralar uchun kelgani o‘zbek delegatsiyasining Xitoy tashrifi yaxshi natijalar keltirishini ta'kidlab o‘tdi.

Du Tszinning qayd etishicha, O‘zbekiston turizmni rivojlantirish uchun ulkan madaniy-turistik, shuningdek tarixiy salohiyatga ega. O‘zbekiston mamlakatda sayyohlik rivoji uchun ko‘p narsa qildi. Bunga Buyuk ipak yo‘li brendini targ‘ib qilish maqsadida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO)ning Buyuk ipak yo‘lidagi mintaqaviy markazi ochilishi isbotdir. 

Shu bilan birga, Du Tszin O‘zbekiston boy turistik salohiyati bilan tanishtirish va turistik mahsulotlarini ilgari surish maqsadida Xitoy turoperatorlari uchun qator tadbirlar o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Xususan, quyidagilarni amalga oshirishga kelishib olindi:

- Xitoy turoperatorlari uchun tanishuv turlarini O‘zbekistonga amalga oshirish; 

- Xitoy turoperatorlari bilan ishchi uchrashuvlarini tashkillashtirish va taqdimotlar o‘tkazish; 

— joriy yilning 20-22 oktabr kunlari Xitoyning Kunmin shahrida o‘tkaziladigan China International tourism market ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillarining ishtirok etishi;

- O‘zbekiston vizasini olish tartibini soddalashtirish;

- xitoylik sayyohlar bank kartalaridan O‘zbekiston hududida foydalanish sharoitini yaratish; 

- xitoy tilini biluvchi gidlar sonini ko‘paytirish, shuningdek xitoy tilidagi telekanalni ochish; 

- Sharqiy Yevropa davlatlari ishtirokidagi turizm ittifoqiga o‘xshash Markaziy Osiyo davlatlari turizm ittifoqini tuzish, 

- Xitoyda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakolatxonasini ochish.

Uchrashuv yakunida tomonlar turistik ma'muriyatlar o‘rtasida turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish uchun qalin aloqalarni olib borishga kelishib oldilar.

Top