10:50 / 29.04.2017
4511

BMT: Sportda irqchilik qilganlarni odil sudlovga topshirish kerak

Foto: Daily Mail

BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi sportda irqchilik qilgan yoki shu kabi kamsitish hollariga yo‘l qo‘ygan sportchilarni javobgarlikka tortish kerak, degan fikrni ilgari surmoqda. TASS agentligining yozishicha, boshqarma 21 aprel kuni Kiyevda Kiyevning "Dinamo" va Donetskning "Shaxtyor" jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ayrim muxlislar Ku-kluks-klan (KKK) a'zolari kabi oq liboslarga burkanib olgani va natsistlar timsolidan foydalanganiga doir holatga shunday izoh bergan. 

"Hukumatlar, shu jumladan, sport idoralari va klublar, inson huquqlari borasidagi xalqaro kelishuvlarga muvofiq o‘z majburiyatlariga rioya etishlari kerak. Ular irqiy va shu kabi kamsitish hollari qayerda sodir bo‘lganidan qat'i nazar ushbu hodisalarni tekshirishi va javobgarlarni odil sudga topshirishlari kerak", - degan BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi rasmiy vakili Elizabet Trossell. "BMT Inson huquqlari boshqarmasi va mening bilishimcha, FIFA va UYeFAning ham bu masaladagi qarashi shunday", - deb ta'kidlagan Trossell. 

Kiyevda bo‘lib o‘tgan futbol uchrashuvidagi irqiy va kamsitish holatlari matbuotda jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. The Sun gazetasining yozishicha, "Kiyevning "Dinamo" jamoasi muxlislari Donetskning "Shaxtyor" klubida qora tanli futbolchilar bo‘lgani sababli kamsitish harakatlarini amalga oshirgan". 

Top