Jahon | 09:44 / 29.04.2017
19410
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya uchirgan raketa bir necha soniyadan so‘ng portlab ketdi. Tramp o‘z pozitsiyani bildirdi

KXDR Pxyonan-Namdo viloyatidan ballistik raketani uchirdi, sinov muvaffaqiyatsiz yakun topdi. Bu haqda Ryonxap agentligi xabar bermoqda.

"Shimoliy Koreya Pxyonan-Namdo viloyatidagi Pukchxan tumanidan noma'lum obektni bugun ertalab uchirdi", - deya Janubiy Koreya shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi bayonotini keltiradi Ryonxap agentligi.

Harbiylar ma'lumotiga ko‘ra, parvoz mahalliy vaqt bilan 05.30da (Toshkent vaqti bilan 1.30da) amalga oshirilgan. Ekspertlarning fikricha, raketa startdan bir necha soniya o‘tib portlab ketdi.

Ayni damda mutaxassislar raketa turini aniqlash harakatida.

AQShning Tinch okeani qo‘mondonligi xabariga ko‘ra, raketa Shimoliy Koreya hududini tark etmagan.

"AQSh Tinch okeani qo‘mondonligi KXDR raketa uchirganini Havayi vaqti bilan soat 10.33da (Toshkent vaqti bilan 01.33da) qayd etdi. Parvoz Pukchxan aerodromi yaqinidan amalga oshirilgan", - deya xabar qildi AQSh Tinch okeani qo‘mondonligi vakili Deyv Benxam.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Amerika havo-kosmik mudofaasi qo‘mondonligi ma'lumotlariga qaraganda, raketa “Shimoliy Koreya hududini tark etmagan” va “Shimoliy Amerikaga tahdid uyg‘otmagan”. AQSh Pxenyan tomonidan yangi raketa uchirilishi tufayli ittifoqchilari – Koreya Respublikasi va Yaponiyani qo‘llab-quvvatlashini yana bir karra bildirdi.

Amerika OAVning harbiylarga asosan xabar berishicha, bu o‘rta harakat radiusidagi KN-17 raketasi bo‘lishi mumkin. Janubiy koreyalik mutaxassislarning fikriga ko‘ra esa, KXDR raketasi turi Scud ER, ya'ni parvoz masofasi oshirilgan raketa bo‘lgan.

Yaponiya hukumati bosh kotibi Yosixide Suganing shanba kuni jurnalistlarga aytishicha, KXDR uchirgan ballistik raketa mamlakat hududida qulagan. Bu haqda NHK telekanali xabar bermoqda.

Foto:  AP

"Bugun soat taxminan 05.30larda KXDR hududidan bitta ballistik raketa uchirildi. Shuningdek, bizning taxminimizga ko‘ra, u (raketa) KXDR hududida qulagan", - dedi Suga.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham Twitter’dagi mikroblogida Shimoliy Koreyaning raketa uchirishi muvaffaqiyatsiz bo‘lganini yozdi. Shuningdek, uning ma'lum qilishicha, parvoz Xitoyga nisbatan hurmatsizlik bo‘ldi.

Foto:  AP

"Shimoliy Koreya, bugun, garchi muvaffaqiyatsiz bo‘lsa ham, raketa uchirib, Xitoy va uning hurmatli raisi istaklariga hurmatsizlik qildi", - deya yozdi Tramp.

Avvalroq Tramp Si Tszinpin bilan Pxenyanga qo‘shma bosim ko‘rsatish bo‘yicha muzokaralarda ijobiy natijaga erishganini aytib o‘tgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid