16:14 / 29.04.2017
15096

Toshkentda qurilish ishlarini o‘lda-jo‘lda bajargan va juda ko‘p miqdorda mablag‘ni o‘zlashtirganlar jazolandi

Sudda ikki nafar “uchar” – “Kommunal taraqqiyot” davlat unitar korxonasi rahbari Alijon Sodiqov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hamda “Qurilishsherserviz” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Akrom Komilovning jinoiy xatti-harakatlari yuzasidan yuritilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Gap shundaki, 2014 yil sentabr oyida buyurtmachi – “Kommunal taraqqiyot” davlat unitar korxonasi bilan “Qurilishsherserviz” mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, poytaxtimizda joylashgan yotoqxonalardan birini ta'mirlash uchun davlat tomonidan 116 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, ishga kirishiladi. Obektni sifatli ta'mirlab, foydalanishga topshirish muddati 2016 yilning fevral oyi etib belgilanadi.

Oradan belgilangan vaqt o‘tgach, qurilish ishlarini o‘lda-jo‘lda, sifatsiz amalga oshirgan MChJ rahbari nayrang ishlatishni rejalashtiradi. Ya'ni binodagi ta'mirlash ishlarini o‘z vaqtida to‘liq bajarilgan qilib ko‘rsatib, soxta dalolatnoma tuzadi. Unga ko‘ra, aslida bajarilmagan 42 mln. 380 ming so‘mlik ishlar qo‘shib yoziladi. Vaholanki, MChJ tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan ishlar to‘la-to‘kis nihoyasiga yetkazilmagan edi. Biroq, bu kamchiliklarni “Kommunal taraqqiyot” davlat unitar korxonasi rahbari A.Sodiqov bilsa-da, ma'lum bir “manfaat” evaziga obektni qabul qilish haqidagi hujjatga imzo qo‘yib yuboraveradi. Shu tariqa buyurtmachi va ijrochi o‘rtasida aslida bajarilmagan ishlar uchun sarflangan, deya ko‘rsatilgan 42 mln. 380 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtiriladi.

Ishni xamirdan qil sug‘urganday hal qilgan nafs bandalarini sifatsiz ta'mirlangan binoning keyingi taqdiri umuman qiziqtirmaydi. Ammo ularning nayrangi ta'mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus tekshirishlarda oshkor bo‘ldi.

Sud o‘z ishini yakunlab, hukm o‘qidi. Unga ko‘ra, bu ikki kimsa qilmishiga yarasha jazosini oldi.

 

Top