Jamiyat | 12:55 / 02.05.2017
40574
2 daqiqa o‘qiladi

IIV: Surxondaryoda joylashgan bog‘chadagi holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi va aybdorlar tegishli jazoga tortildi

Foto: YouTube/DenovMedia

Surxondaryoning Denov tumanida joylashgan bolalar bog‘chasidagi holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi va barcha aybdorlar tegishli jazoga tortildi. Bu haqda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov Toshkent shahrida Xalqaro press-klub tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Shuningdek, ta'kidlanishicha, maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, maktab o‘quvchilari xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Hududni qo‘riqlash, kirish-chiqish rejimi, navbatchilikni tashkil etish bo‘yicha aniq sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, IIV xodimlari har kunlik asosda maktablarga tashrif buyurib, o‘quv muassasasi rahbariyati bilan xavfsizlikni ta'minlash, davomat masalalari bo‘yicha ish olib boradi.

Bundan tashqari, anjumanda aytilishicha, qator maktablar markazlashgan qo‘riqlash xizmatiga ulangan bo‘lib, ko‘pchilik maktablarda videokuzatish qurilmalari o‘rnatilgan.   

Eslatib o‘tamiz, bundan bir qancha vaqt muqaddam Denovda joylashgan bog‘chadagi holat tasvirlangan videokadrlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib ketgandi. Unda bog‘cha tarbiyachisining bolalarni ayovsiz jazolashi tasvirlangan.

 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid