19:22 / 04.05.2017
4509

Mourino yana ispanlarga qarshi. Kun uchrashuvi haqida

Bugun Yevropa ligasining ikkinchi yarim finali doirasida Vigoda «Selta» «Manchester Yunayted»ni qabul qiladi. Tribuna.Uz kunning muhim uchrashuvi haqida batafsil to‘xtalib o‘tadi.

Yevropa ligasi, 1/2 final
Selta - Manchester Yunayted (4 may, 23:59, UzReport, Match TV, Match! Futbol 1)

O‘yin oldidan
«Manchester Yunayted» tarkibda jiddiy muammolarga duch kelgan bo‘lishiga qaramasdan, bu uchrashuvda gol kiritishi shart sanaladi. «Selta» hech qachon o‘z himoyasi bilan maqtana olmagan. Jamoa shu kungacha o‘z uyida o‘tkazgan (barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda) uchrashuvlarning faqat uchtasidagina o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Yevrokuboklarning hal qiluvchi pley-off bosqichida esa bu juda muhim ko‘rsatkichlardan biri sanaladi

Ammo ingliz jamoasida ham hujum borasida muammolar yetarlicha. Jamoa mehmonda o‘tkazayotgan uchrashuvlarda o‘rtacha bitta uchrashuvda bitta gol kirita olmoqda xolos. Ammo jamoa mehmonda o‘tkazgan so‘nggi 20 uchrashuvning faqat uchtasida gol kirita olmadi. Ularning ikkitasida jamoa «Manchester Siti» va «Chelsi» mehmoni bo‘lganini eslashimiz lozim. Bu statistikalar «MYu»da mehmonda gol kiritish imkoniyati yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

O‘zaro uchrashuvlar tarixi
«Selta» yevrokuboklarning bu bosqichida birinchi marta ishtirok etayotgani kabi «Manchester Yunayted»ga qarshi ham o‘z tarixida birinchi marta maydonga tushmoqda. Shu kunga qadar ikki jamoa hattoki o‘rtoqlik uchrashuvlari doirasida ham o‘zaro o‘yin o‘tkazishmagan.

Qiziqarli faktlar
— ikkala jamoa o‘zaro birinchi marta ro‘baro‘ kelmoqda;
— «Selta» ingliz jamoalariga qarshi 9 uchrashuv o‘tkazib 5ta g‘alabaga erishgan, 4 marta mag‘lub bo‘lgan. Vigoda bu ko‘rsatkich: 4 o‘yin, 2 g‘alaba, 2 mag‘lubiyatdan iborat;
— «Manchester Yunayted» ispan jamoalariga qarshi mehmonda o‘tkazgan 22 uchrashuvning faqat ikkitasidagina g‘alaba qozona olgan;
— «Manchester Yunayted» ispan jamoalariga qarshi jami 47 uchrashuv o‘tkazib 12 mart g‘alaba qozongan (19D, 16 M);
— «MYu» yevrokuboklarning (YeChL) so‘nggi uchta yarim finalida ispanlarga to‘qnash kelganida, ularning 2tasida g‘alaba qozongan;
— «Selta» o‘z tarixida birinchi marta yevrokuboklar yarim finalida ishtirok etadi;
— «Manchester Yunayted» Yevropa ligasi doirasidagi so‘nggi 8 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga (6G‘, 2D) uchramay kelmoqda;
— «MYu» bosh murabbiyi Joze Mourino «Selta»ga qarshi «Real» bosh murabbiyi sifatida 4 marta maydonga tushgan. 3 marta g‘alaba qozongan va bir marta mag‘lubiyatga uchragan.

Yo‘qotishlar
«Selta» tarkibida bir vaqtlar «Manchester Yunayted» tarkibida to‘p surgan Juzeppe Rossi maydonga tusha olmaydi. U tizzasidan jarohat olgan. Xuddi shunday jarohat tufayli Planyas ham bu uchrashuvda vigoliklarga yordam bera olmaydi.

«Manchester Yunayted»da bu borada yo‘qotishlar ko‘proq. Jamoaning asosiy hujumchisi Zlatan Ibrahimovich xochsimon paylari uzilishi natijasida 2017 yilda boshqa futbol o‘ynashi so‘roq ostida qolmoqda. Xuddi shunday muammoga Markos Roxo ham duch kelgan. Lyuk Shou esa to‘pig‘idan olgan jarohati sabab mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradi. Kris Smolling va Ftl Jonsning ham bu o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda. Pol Pogba esa UYeFA rasmiy sayti bergan ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi uchrashuvda ishtirok eta olishi kerak.

Taxminiy tarkiblar
Markaziy himoyada katta muammolarga duch kelgan Joze Mourino bu safar Matteo Darmianni shu pozitsiyada sinab ko‘rishi mumkin. Birgina to‘liq sog‘lom himoyachi Erik Bayiga shuningdek Ander Errera yoki Maykl Karrik yordam berishi kutilmoqda. «Selta» tarkibida esa jamoani shu bosqichga qadar olib chiqqan eng kuchli futbolchilar o‘ynashi kutilmoqda.

«Selta»: Serxio Alvares, Mallo, Kabral, Fontas, Jonni, Radoya, Pablo Ernandes, Aspas, Vass, Sisto, Gvidetti.
«Manchester Yunayted»: Romero, Valensiya, Bayi, Darmian, Yang, Pogba, Karrik, Errera, Mxitaryan, Reshford, Marsiyal.

Top